17 Sentyabr 2021 yil 1101

General-mayor G’ayrat Qodirov IIV Akademiyasi tinglovchilari uchun onlayn master-klas o’quv mashg’ulotini o’tkazdi

O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining joriy yilning 25 avgustdagi 298-sonli buyrug’i asosida Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kunduzgi ta’lim bakalavr bosqichi kursantlari, magistratura tinglovchilari va ixtisoslashtirilgan kafedra professor-o’qituvchilari ishtirokida onlayn master-klass o’quv mashg’uloti o’tkazdi.

O’quv mashg’ulotida viloyatdagi jinoyatchilikning ahvoli va ortgan turlari, kelib chiqish sabablari, bartaraf etish choralari xususida so’z yuritdi. SHuningdek, Jizzax viloyatidagi kriminogen vaziyat, hududning o’ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etishning muhim masalalariga to’xtaldi. Viloyatning geografik joylashuvi, chegaradosh hududlari, aholi soni to’g’risida ma’lumot berib o’tdi. SHundan so’ng viloyatdagi kriminogen vaziyat tahlil etildi. Xususan, joriy yilning o’tgan 8 oyi davomida umumiy jinoyatchilik oshganligi qayd etilib, qonunbuzarliklarning sabab va omillariga e’tibor qaratildi.

Mahorat darsida O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasini 2019-2021 yillarda tamomlagan bitiruvchilarning 92 nafari Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida turli lavozimlarda faoliyat ko’rsatayotgani, akademiya bitiruvchilarining xizmatga tez moslashishlarini ta’minlash maqsadida ularga murabbiylar biriktirilganligiga to’xtaldi.  Ichki ishlar organlarida kursantlar amaliyotini tashkil etish, akademiya bitiruvchilari xizmat faoliyati avvalida yo’l qo’yayotgan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish yuzasidan o’z mulohazalarini bayon qildi. Har bir hududning o’ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda jinoyatni ilmiy yondoshuv asosida jilovlash, mazkur maqsadda “Yo’l xarita”si ishlab chiqish, voqea joyini o’rganishda e’tibor qaratilishi lozim bo’lgan jihatlar haqida kursant va tinglovchilarga atroflicha ma’lumot berdi.

Onlayn tarzda tashkil etilgan master-klass darsida kafedra professor-o’qituvchilar, tingshlovchilar o’zlarining qiziqtirgan savollariga boshqarma boshlig’i tomonidan atroflicha javoblar olishdi.

Mashg’ulotda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov boy tajribasi bilan o’rtoqlashar ekan, kursant va tinglovchilarga bilim imkoniyatlaridan unumli foydalanish zarurligini uqtirildi.

Text to speech