“Giyohvandlikka qarshi kurashish dolzarb oyligi” doirasida
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida giyohvandlik, psixotrop hamda tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo`lgan vositalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashishda tezkor qidiruv tadbirlari samaradorligini oshirishga qaratilgan o`quv seminari bo`lib o`tdi. “Giyohvandlikka qarshi kurashish dolzarb oyligi” doirasida jinoyat qidiruv, huquqbuzarliklar profilaktikasi, patrul-post, yo`l harakati xavfsizligi xodimlari ishtirokida tashkil qilingan tadbirda Ichki ishlar vazirligi mas’ullari tomonidan narkotik moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasida yo`l qo`yilayotgan kamchiliklar tahlil qilinib, ularni bartaraf etishga oid tajriba va uslublar xususida so`z yuritildi.
Chunonchi,
mamlakatimizga giyohvandlik moddalari olib kiriladigan hududlar, narkokurerlar
harakatlanadigan yo`nalishlar, giyohvand moddalar, nazorat ostidagi
dori-darmonlar hamda sintetik giyohvandlik vositalarining turlari, tarkibi,
inson organizmiga ta’siri kabi jihatlarga e’tibor qaratildi. Shuningdek,
giyohvand vositalarini buyumlar, kiyim, ehtiyot qismlar hamda transport
vositalariga yashirish uslublari, narkotik moddalarni boshqa unsurlarga
aralashtirgan holda tashish bilan bog`liq holatlar, giyohvandlik vositalarini
onlayn tarzda o`tkazish yo`llari tilga olindi.
Narkotik moddalarni muomalaga kirituvchi
jinoiy guruhlarning faoliyati to`g`risida to`xtalgan mutaxassislar mazkur
yo`nalishdagi qonunbuzarliklarning oldini olish va qarshi kurashishga oid
tavsiyalarini bildirishdi. Bundan tashqari, giyohvand moddalari muomalasiga
qarshi kurashish qaratilgan qonunlarni samarali ijro etish bo`yicha fikrlar
bildirildi. Yakunda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar
qaytarildi.