Xayrli ishlar ko’lami ortmoqda
Forish tumanining olis “Istiqlol” mahallasidagi Kindiboy qishlog’i aholisini qiynab kelayotgan qumli yo’l muammosi yana bir necha kunlardan so’ng barham topadi. SHu kunlarda ushbu yo’lga shag’al yotqizish ishlari jadal olib borilayapti.
Ta’kidlash joiz, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i tuman hokimi va mas’ullar bilan birgalikda yo’lning holatini o’rganib, zarur choralar belgilangan edi. Ushbu vazifani amalga oshirish maqsadida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi, viloyat favqulodda vaziyatlar hamda viloyat avtomobil yo’llari hududiy boshqarmasi tomonidan ishchi guruhi tuzilib, yo’lga shag’al yotqizish ishlari boshlab yuborildi. 18 kilometrlik qumli yo’lning eng og’ir 2 yarim kilometrida ana shunday ta’mirlash ishlari bajariladi. Bu ishga 35 ta yuk tashuvchi hamda maxsus texnikalar jalb qilingan. SHag’al 120 kilometr uzoqlikda joylashgan CHimqo’rg’on kar’yeridan olib kelinayapti.
Yo’llarda avtomashinalarning harakatlanishi viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo’l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan nazorat qilinib, haydovchilarga doimiy yo’riqnomalar berib boriladi. Bu o’z navbatida harakat xavfsizligini ta’minlash imkonini ham bermoqda.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i ushbu ishlarning borishi bilan tanishdi. O’rganish asnosida ish ko’lamini kengaytirish, ta’mir ishlariga qo’shimcha texnikalar, yonilg’i mahsulotlari ajratish, shag’al yotqizishni jadallashtirish bo’yicha topshiriqlar berdi.
Hududlarni obod qilish ishlari Do’stlik tumanining Saritepa mahallasida ham jadal olib borilmoqda. Qayd etilishicha, “Obod qishloq” dasturi doirasida mahalla ko’chalarini soz holatga keltirish, ijtimoiy soha ob’yektlarini ta’mirlash kabi qator ishlar reja qilingan. Boshqarma boshlig’i ushbu ishlarning borishini ham ko’zdan kechirdi. Mahalladagi hokim yordamchisi va sektor rahbarlariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlik loyihalarini qo’llab-quvvatlash orqali yangi ish o’rinlari yaratish, obodonlashtirish ishlarini jonlantirish va tungi yoritish tizimlarini o’rnatish hamda mavjud masalalarni hal etish bo’yicha vazifalar yuklandi.
3- sektor hududidagi mahallalarda bu kabi bunyodkorliklar davom etmoqda.