Har bir murojaat e’tiborda
Do’stlik tumani “G’afur G’ulom” mahallasining Akmal Ikromov ko’chasida yashovchi aholining bir necha yillik muammosi to’liq yechilishiga qisqa fursat qoldi. Aniqrog’i, yozning jaziramasida chang va yog’ingarchilik vaqtida yurish imkoni bo’lmagan ko’cha betonlashtirilayapti. Mazkur masala joriy yil 27 iyul’ sanasida viloyat 3- sektor rahbarining mahallada o’tkazgan sayyor qabulida fuqarolar tomonidan ko’tarilgan edi. Beton qilinishi ko’zda tutilgan 600 metrning bugungacha uchdan bir qismida ish bajarilgan, qolgani shu oy oxiri bilan yakunlanadi.
Hududda ishsiz aholi qatlami bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, shu yilning bahor faslida ish boshlagan “Sangzor tekstil chevarlari” MCHJning tikuvchilik loyihasi bu borada muhim omil bo’ldi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlari to’liq eksport qilinayotgan mazkur majmuada hozirda 103 nafar xotin-qizlar ish bilan band. Ularning 70 nafarini aynan G’afur G’ulom mahallasi xotin-qizlari tashkil etadi.
Xuddi shunday ishlar tumanning 3- sektori hududidagi “Saritepa” mahallasida ham amalga oshirilmoqda. Ushbu mahallada sektor rahbarining qabuli yanvar’ oyida o’tkazilganidan so’ng mahallada yashovchi Baxtiyor Jo’rayev tokarlik sexi faoliyatini yo’lga qo’ydi. Hozirda ushbu sexda ikki kishi mehnat qilib, temirga ishlov berish va qishloq xo’jaligi texnikalarini ta’mirlash faoliyati bilan mashg’ul.
Akrom Nosirov ham oilaviy daromadini yanada yaxshilash imkoniga ega bo’lgan saritepaliklardan. Uning murojaati asosida 7 yarim million so’m kredit ajratilib, bir yarim sotix maydonda issiqxona qurildi. Hozirda issiqxonada ikkinchi hosil uchun bulg’or qalampiri yetishtirilmoqda.
Ta’kidlash joiz, joriy yilning yanvar’ oyida o’tkazilgan viloyat IIB boshlig’i, general-mayor G’.Qodirovning sayyor qabuldan so’ng saritepalik xotin-qizlar uchun yana bir qulaylik yaratildi. Xususan, SHahnoza Abdullayeva go’zallik saloni faoliyatini yo’lga qo’ydi. Uning kelgusidagi rejalari yanada ulkan. Xususan, mahalla qizlariga o’z kasbini o’rgatishni reja qilgan.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i bilan muloqotdan so’ng ishi yurishib ketganlardan yana biri an’anaviy ushu murabbiyi Jamol Turg’unboyevdir. Sport anjomlari yo’qligi bois u anchadan buyon to’garak faoliyatini talab darajasida yurita olmayotgan edi. Hozirda jang san’atiga qiziqadigan saritepalik 70 nafar yoshlar sport ustasi Jamol Turg’unboyevdan ushbu sport sirlarini o’rganishmoqda.
Ta’kidlanishicha, 3- sektor mas’ullarining sa’yi harakatlari bilan hududda xizmat ko’rsatish darajasi yaxshilanmoqda. Bu jarayonda mavjud imkoniyatlardan foydalanish istagida bo’lgan fuqarolarning tashabbuslari qo’llab-quvvatlanayapti. SHerzod Baxtiboyev ham ana shulardan. U 33 million so’mlik kredit asosida komp’yuter xizmatlari markazi faoliyatini yo’lga qo’ydi. SHu bilan birga Muhammad Jahonnazarov singari ikki kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.
Darvoqe, sektor rahbarining qabulidan so’ng O’zbekiston milliy universiteti Jizzax filiali talabasi Muhammad Jahonnazarovning shartnoma puli ham to’lab berilgan.
Gulzayra ona Haydarovaning tashabbusi bilan tashkil etilgan fitnes klub mahalla xotin-qizlari uchun ham ko’ngilochar ham o’z salomatliklari haqida qayg’urish markaziga aylandi, desak xato bo’lmaydi.
Saritepalik Radxa Ochilova esa 3- sektor rahbari ko’magida 12 million so’m kredit olib, 2 sotix yerda issiqxona qurgan. Hozirda ushbu issiqxonada 3- hosil yetishtirilayapti. Daromad ortayaptiki uy-joyni kengaytirish, zarur sharoitni yuzaga keltirish chorasi ko’rilayotir.
Albatta bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin. Asosiysi Jizzax viloyati IIB boshlig’ining sayyor qabullarida bildirilgan har bir masalani hal etilmoqda. Bu o’z navbatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, bandlikni ta’minlash, ifratuzilmani yaxshilash barobarida aholi turmush farovonligini yanada oshirish imkonini berayapti.