“Havfsiz hudud” maxsus-tezkor profilaktik tadbiri o’tkazildi
Jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida Jizzax viloyati G’allaorol tumanida “Xavfsiz hudud” maxsus-tezkor profilaktik tadbiri o’tkazildi. Xizmat oldi yo’riqnomada xizmatga jalb qilingan sohaviy xizmat xodimlariga tuman hududida jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, xuquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izidan” fosh etish vazifasi yuklatildi.
SHundan so’ng huquqni muhofaza qiluvchi va o’zini-o’zi boshqarish organlari xodimlaridan iborat guruhlar tomonidan mahallalarda “Fuqarobay” ishlash tizimi bo’yicha tadbirlar olib borildi. Bunda asosiy e’tibor, har bir fuqaro bilan individual tartibda suhbatlashilib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni o’rganishga qaratildi. SHuningdek, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va unga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida agressiv xulq atvorga ega, jinoyat qilishga moyil shaxslar, nizoli oilalar, o’zaro kelishmovchiligi mavjud fuqarolar bilan muloqotlar qilinib, ularni yarashtirish choralari ko’rildi. Tazyiq va zo’ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderi berilib, ularning huquqlari himoyaga olindi. Uyma-uy yurib o’rganishlar davomida aniqlangan ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik va huquqiy muammolarni hal etish choralari ko’rildi.
Sir emaski, so’nggi vaqtlarda bank plastik kartasidan pul yechib olish bilan bog’liq qonunbuzarliklar soni ortmoqda. SHu turdagi jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida jamoat joylarida targ’ibotlar qilindi. Qonunbuzarliklarning sabab va omillariga e’tibor qaratilib, aholining keng qatlami foydalanishi uchun maxsus buklet va flayerlar tarkatildi.
Tadbir davomida ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turgan va ilgari sudlangan 431 nafar, spirtli ichimlikka ruju qo’ygan 351 nafar, probatsiya nazoratida turib, jazo muddatini o’tayotgan 67 nafar shaxslar bilan suhbatlar olib borildi. Jarayonlarda ushbu fuqarolarga qonunbuzarliklarning oqibatlari tushuntirildi. Mazkur tadbirlardan maqsad ushbu fuqarolarning muammolarini o’rganish va hal etish choralarini ko’rish, ularning bandligi ta’minlash orqali to’g’ri yo’lga boshlashga qaratilgan.
Tuman hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida olib borilgan keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar davomida 22 ta ma’muriy huquqbuzarliklarga chek qo’yildi. Jumladan, 7 ta savdo do’konlarida noqonuniy ravishda alkogol’ mahsulotlari savdosi bilan shug’ullanib kelinayotganligi aniqlanib hujjatlar rasmiylashtirilgan bo’lsa, 2 ta xolatda Navoiy kon-metallurgiya kombinatining janubiy kon boshqarmasiga qarashli Marjonbuloq konidan tarkibida oltin moddasi bo’lishi mumkin bo’lgan rudalarini talon-toroj qilinishiga chek qo’yildi.
Sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo’lgan ashyolarni ulardan kasbiy, sport faoliyatida yoki xo’jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog’liq bo’lgan hollarda, jamoat joylarida ochiq ya’ni g’ilofsiz holda olib yurish bilan bog’liq 7 ta holatda fuqarolardan 10 ga yaqin o’tkir tig’li jismlar hujjatlashtirib olindi.
Mayda bezorilik hamda diniy mazmundagi materiallarni tarqatish huquqbuzarliklaridan tashqari voyaga yetmagan maktab o’quvchisi avtomashina boshqarib yurganligi aniqlanib, farzandini qarovsiz qoldirganligi bois uning onasiga nisbatan O’zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan bayonnoma rasmiylashtirildi.
Jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olishga yo’naltirilgan profilaktik tadbirlar davom etmoqda.