“Xavfsiz temir yo`l oyligi” doirasidagi profilaktik tadbirlar
1 noyabrdan 1 dekabr kuniga qadar yurtimizda “Xavfsiz
temir yo`l oyligi” o`tkazilmoqda. Shu maqsadda Jizzax temir yo`l vokzalida IIV
transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti Jizzax
viloyati transportda xafsizlikni ta’minlash boshqarmasi tomonidan tadbir
uyushtirildi. Soha xodimlari, harbiylashtirilgan o`qchilik va o`t o`chirish
komandasi, keng jamoatchilik, temir yo`l tizimidagi barcha korxona va
tashkilotlar hamda boshqa manfaatdor idoralar, huquqni muhofaza qilish
organlarining hududiy bo`linmalari xodimlari ishtirok etishgan tadbirda
“Xavfsiz temir yo`l oyligi” doirasida amalga oshiriladigan ishlar xususida so`z
bordi.
Qayd etilishicha, mazkur profilaktik tadbirda asosiy
e’tibor harakat tarkiblari va ishtirokchilari bilan bog`liq baxtsiz hodisalar
sodir etilishning barvaqt oldini olish, temir yo`l transportida yo`lovchi va
fuqarolarda jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi immunitetni oshirish, ularda
temir yo`l transportida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish hissini kuchaytirishga
qaratilishi tushuntirildi.
Ta’kidlash joiz, “Xavfsiz temir yo`l oyligi”da
yo`lovchilar, yo`lovchi va yuk poezdlari harakat xavfsizligiga salbiy ta’sir
ko`rsatishi mumkin bo`lgan omillar o`rganilib, ular bartaraf etiladi. Bundan
tashqari xavfsizlik yuzasidan qo`shimcha jihozlar talab etiladigan temir yo`l
yo`nalishlariga ta’qiqlovchi va ogohlantiruvchi belgilar o`rnatilishi ko`zda
tutilgan.
Shuningdek, temir yo`l o`tgan aholi puntlarida
fuqarolar, keng jamoatchilik hamda yoshlar ishtirokida uchrashuv hamda davra
suhbatlari tashkil qilinadi. Bu orqali aholining huquqiy bilimi oshirilib,
favqulodda holatlarga yo`l qo`ymaslik, temir yo`l bilan bog`liq jinoyat va
huquqbuzarliklarning oldini olishga erishiladi.