25 Avgust 2021 yil 862

“Xavfsiz hudud” profilaktik tadbiri kuchaytirildi

Ayni kunlarda respublikamizning barcha hududlarida bo’lgani singari Jizzax viloyatida ham “Xavfsiz hudud” profilaktik tadbiri uyushqoqlik bilan o’tkazilmoqda. Qonunbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda jinoyatlarni fosh etishga qaratilgan mazkur tadbirda ichki ishlar organlari xodimlari bilan birdek Milliy gvardiya hamda korxona va muassasalar vakillari, o’zini o’zi boshqarish va yoshlar tashkilotlari faollari ishtirok etmoqdalar.

Paxtakor tumanida “Xavfsiz hudud” profilaktik tadbirini o’tkazishga qaratilgan yo’riqnomalarda ichki ishlar organlari xodimlari, Milliy gvardiya, korxona va muassasalar vakillari, o’zini o’zi boshqarish va yoshlar tashkilotlari faollarining vazifalari qat’iy belgilanmoqda. CHunonchi, davlat va jamoat tashkilotlari, ko’p qavatli uylar va bo’sh turgan inshootlarni ko’zdan kechirish, giyohvandlar, ichkilikbozlar, oilaviy janjalkashlar, muqaddam sudlanganlar, profilaktik hisobga olinganlar bilan suhbatlar o’tkazish hamda huquqbuzarlik va jinoyatlarni aniqlash bo’yicha topshiriqlar berilayotir.

SHu ma’noda, tumanda bugungacha 5 ming 144 ta ob’yekt tekshiruvdan o’tkazilgan. Mazkur jarayonda jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan birdek yong’in xavfsizligi hamda sanitariya talablariga rioya etilishi o’rganilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko’rilmoqda. Bu ishlar huquqni muhofaza qilish organlari hamda ijtioimiy-iqtisodiy sohalarning 129 nafar vakillari tomonidan amalga oshirilyapti. Profilaktik tadbirlar davomida 400 dan oshiq huquqbuzarliklar aniqlangan.

“Xavfsiz hudud” profilaktik tadbiri doirasida patrullik yo’nalishlarida nazorat kuchaytirildi. SHu bilan birga ichki ishlar organlari yo’l harakati xavfsizligi tizimi xodimlari tomonidan haydovchilarning amaldagi me’yor va tartiblarga rioya qilishlari o’rganilmoqda. Xususan, bugungacha tumanda 2 ming 155 ta avtotransport vositalari tekshirilgan.

Spirtli ichimlik iste’mol qilishda gumonlangan haydovchilar hududdagi narkologiya dispanserida shifokor ko’rigidan o’tkazilayapti. Agarda bu yo’nalishda qoidabuzarlik sodir etilgan bo’lsa, tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilmoqda. Profilaktik tadbirlar davomida savdo, maishiy va xizmat ko’rsatish shoxobchalarida karantin qoidalariga amal qilinishi o’rganilayotir. SHuningdek, aholi o’rtasida huquqbuzurlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan targ’ibot tadbirlari uyushtirilyapti.

Text to speech