28 Sentyabr 2024 yil 1365

Xavfsiz hudud” tamoyili — amalda


Zafarobod tumani ichki ishlar bo`limida “Xavfsiz hudud” tamoyilini hayotga tadbiq etish borasida amalga oshirilgan ishlar taqdimoti o`tkazildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbar va mas’ullari, shuningdek, aholi vakillari ishtirokida o`tgan seminarda kriminogen vaziyatni yaxshilash maqsadida so`nggi ikki oyda Bo`ston, Samarqand, Uzun mahallalari hududiga 172 ta video kuzatuv kameralari o`rnatilgani ma’lum qilindi.

 Ushbu qurilmalarning 10 tasi avtoraqamlarni taniydi, 7 tasi yuz orqali shaxsga aniqlik kiritadi. Ayni paytda ushbu uskunalarni tuman ichki ishlar bo`limi navbatchilik qismiga integrasiya qilish choralari ko`rilayotir. Joriy yil so`nggicha tumandagi barcha yo`llarning bosh qismi hamda aholi turar joylariga kuzatuv kameralari o`rnatish ko`zda tutilyapti.

 Tadbirda oldini olish mumkin bo`lgan jinoyatlar soni 28,6 foizga qisqargani, shaxsiy tarkibning jinoyatlarni aniqlash ko`rsatkichi 15,4 foizga oshgani e’tirof etildi. Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 7765 ta oila xonadonbay o`rganilgan, mazkur jarayonda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan profilaktika inspektorlari 1126 ta xulosa kiritganlar.

Natijada 67 kishiga moddiy yordam, 24 kishiga subsidiya ajratilgan, 31 kishi tadbirkorlikka jalb qilingan. 44 kishi ishga joylashtirilgan. 6 kishi kasbga o`qitilgan, 66 kishiga psixologik yordam ko`rsatilgan. 14 ta oilaviy nizolarga barham berilgan. Xuddi shunday, tadbirda mahalla fuqarolar yig`ini raisi, hokim yordamchisi, yoshlar etakchisi, xotin-qizlar faoli, ijtimoiy xodim va soliqchi tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Tadbirda fuqarolarning firibgarlik, o`g`irlik, kiberjinoyatlar hamda yo`l-ulov hodisalaridan jabrlanishlarining oldini olishga qaratilgan targ`ibot tadbirlari, ichki ishlar organlarida hisobda turgan shaxslar, probasiya xizmati hamda ma’muriy nazorat ostiga olingan fuqarolar bilan o`tkazilgan profilaktik tadbirlar, uyushtirilgan reydlar natijalari tilga olindi.

 

Text to speech