7 Fevral 2022 yil 670

Xizmat intizomi bosh masala

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tuman ichki ishlar organlarida xizmat intizomini mustahkamlash va qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan uchrashuvlar o’tkazilmoqda.

G’allaorol tumani ichki ishlar bo’limida tashkil etilgan yig’ilishda tuman ichki ishlar bo’limi xodimlari hamda ularning oilasi va ota-onalari ishtirok etishdi. Tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari, polkovnik Olimjon Abdullayev ichki ishlar tizimida olib borilayotgan islohotlar, xodimlarning jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va osoyishtalikni ta’minlash borasidagi xizmatlarini e’tirof etdi.

SHuningdek, xizmat faoliyatini samarali tashkil etish uchun yaratilayotgan qulayliklar aytildi. Ichki ishlar vazirligi shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Jizzax viloyati bo’yicha bo’limi boshlig’i, podpolkovnik SHavkat Umirov xizmat intizomi va qonuniylikni ta’minlash borasida shaxsiy xavfsizlik tizimi bilan hamkorlik qilish hamda kuzatilayotgan ba’zi nuqsonlarni bartaraf etishga doir taklif va mulohazalarini bayon etdi.

Tadbir davomida qonuniylikni ta’minlash, qo’pollik, poraxo’rlik, xizmat vazifasini su’istemol qilish bilan bog’liq illatlarga yo’l qo’ymaslik borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. SHuningdek, sohaning ayrim vakillari tomonidan sodir etilgan qonunga zid xatti-harakatlar va ularning oqibatlari xususida so’z yuritildi.

Xuddi shunday, Baxmal va Zafarobod tumanlarida o’tgan uchrashuvlarda ham ichki ishlar organlari tizimida kechayotgan islohotlar, yangilik va o’zgarishlar tilga olindi. Xususan, tizim moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining xizmat sharoitlarini yaxshilash, turar joy bilan ta’minlash, farzandlarini oliy o’quv yurtlariga qabul qilish hamda tibbiy xizmatdan foydalanishdagi imtiyozlar qayd etildi.

Bundan tashqari, xodimlarning kasbiy ko’nikmalarini oshirish, fuqarolar bilan muomala madaniyatini yaxshilash, xizmat intizomiga qat’iy rioya etish, tamagirlik va boshqa salbiy holatlarga yo’l qo’ymaslik zarurligi uqtirildi.

Tadbirlarda xizmat faoliyatida namuna ko’rsatgan xodimlarning ota-onasi va yaqinlariga viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining tashakkurnomasi topshirildi. Bu kabi uchrashuvlar joylarda davom etmoqda.

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech