Xizmat intizomi bosh masala
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasida xizmat intizomini mustahkamlash va qonuniylikni ta’minlash masalasida uchrashuv o’tkazildi. Jizzax Politexnika institutida o’tgan yig’ilishda shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimlari, ularning oila a’zolari va ota-onalari ishtirok etishdi. Tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari, polkovnik Olimjon Abdullayev ichki ishlar tizimida olib borilayotgan islohotlar, xodimlarning jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va osoyishtalikni ta’minlash borasidagi xizmatlarini e’tirof etdi.
SHuningdek, tizim moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining xizmat sharoitlarini yaxshilash, turar joy bilan ta’minlash, farzandlarini oliy o’quv yurtlariga qabul qilish hamda tibbiy xizmatdan foydalanishdagi imtiyozlar bilan birga xizmat faoliyatini samarali tashkil etish uchun yaratilayotgan qulayliklar ham tilga olindi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 8 fevraldagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori asosida mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasida ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligi oshirilishi, xodimlar va ularning oila a’zolari ijtimoiy himoya qilinishi aytildi.
Yig’ilishda Ichki ishlar vazirligi shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Jizzax viloyati bo’yicha bo’limi boshlig’i, podpolkovnik SHavkat Umirov xodimlarning kasbiy ko’nikmalarini oshirish, fuqarolar bilan muomala madaniyatini yaxshilash, xizmat intizomiga qat’iy rioya etish, tamagirlik va boshqa salbiy holatlarga yo’l qo’ymaslik zarurligi uqtirildi. Kuzatilayotgan ba’zi nuqsonlarni bartaraf etishga doir taklif va mulohazalar bayon etildi.
Tadbir davomida xizmat faoliyatida namuna ko’rsatgan bir guruh xodimlarning ota-onasi va turmush o’rtoqlariga viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining tashakkurnomasi topshirildi.