Xodimlar o’rtasida tarbiyaviy-profilaktik uchrashuvlar o’tkazildi
Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlari hamda hududiy bo’limlarida tarbiyaviy-profilaktik uchrashuvlar o’tkazildi. Tadbirlarda asosiy e’tibor xizmati intizomiga rioya qilish, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratildi.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida o’tgan tadbirda boshqarma sohaviy xizmatlari xodimlari ishtirok etishdi. Tadbirda ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi o’rtasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishini ta’minlash lozimligi urg’ulandi. SHuningdek, tizimida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish, ularga chek qo’yish, qonunbuzarlikning oqibati, shuningdek ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan qamrovli islohotlar tilga olindi.
Bundan tashqari, tizimda xodimlarga yaratilgan imtiyozlar va ijtimoiy qo’llab-quvvatlash borasidagi ishlar bilan birga ayrim xodimlar tomonidan xizmat intizomini buzish, poraxo’rlik, tamagirlik kabi salbiy holatlar sodir etish holatlari kuzatilayotgani aytildi.
Xuddi shunday, Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi, Paxtakor, Forish, Do’stlik tumanlari ichki ishlar bo’limlarida ham profilaktik tadbirlar o’tkazildi. Uchrashuvlarda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o’tgan 2021 yil davomida sodir etilgan xizmat intizomi va qonunbuzilish holatlari tahlil etildi. SHuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilish, ularni har tomonlama qo’llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining korrupsiyaga qarshi kurashish yo’nalishidagi qabul qilingan farmon va qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo’ljallangan YAngi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to’g’risida” gi farmoni mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Xizmat faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida yaratilayotgan qulayliklar ham ma’lum qilinib, xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, kuzatilayotgan ba’zi nuqsonlarni bartaraf etishga doir mulohazalar bildirildi.
Uchrashuvlar davomida O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Xiyonat” nomli videolavha namoyish etildi.
Ishchi guruhi viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlari bilan birgalikda O’zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali talaba yoshlari bilan ham uchrashdilar. Tadbirda ichki ishlar organlari tasarrufidagi bilim dargohlari va oliy o’quv yurtlari, ushbu muassasalarga qabul tartiblari xususida ma’lumot berildi. SHuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi “Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi hamda 2021 yilning 15 apreldagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo’yicha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarorlari mazmun-mohiyati, belgilangan vazifalar tushuntirildi.
Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligining amaldagi me’yoriy buyruq talablariga asosan ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilish talablari ma’lum qilindi. Uchrashuvlarda ichki ishlar organlarida xizmat qilish istagini bildirgan yoshlar mavzu yuzasidan o’zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.