Xodimlarning korrupsiyaga oid bilimlari oshirildi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi. “Korrupsiya ma’naviyat dushmani” mavzuidagi tadbirda sohaviy xizmatlar xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari, polkovnik Olimjon Abdullayev mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi muhim vazifalardan biri sifatida korrupsiyaga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilayotgani xususida to’xtaldi.
SHuningdek, bu jarayonda davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish, davlat idoralari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi masalalar dolzarblik kasb etayotgani aytildi.
Yig’ilishda viloyat prokuraturasi bo’lim boshlig’i Xusniddin Bektemirov “Korrupsiya ma’naviyat dushmani” mavzusida ma’ruza qildi. Notiqning qayd etishicha, yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini ta’minlash maqsadida korrupsiyaning oldini olish va aholi orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga yo’naltirilgan preventiv choralar ko’rilmoqda. SHu bilan birga korrupsiyaga qarshi kurashish to’g’risidagi qonunchilik hujjatlari xatlovdan o’tkazilib, korrupsiyaviy omillar va huquqiy bo’shliqlarni bartaraf qilinayapti.
Xususan, qurilish, sog’liqni saqlash, oliy ta’lim va davlat xaridlari sohalariga oid amaldagi normativ-huquqiy hujjat korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o’tkazilgani, davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish va oshkoralikni ta’minlash bo’yicha qonunchilikka kiritilgan o’zgartishlar ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, jamiyat taraqqiyotiga ta’sir ko’rsatuvchi illat hisoblangan korrupsiya bilan bog’liq qonunbuzarliklar aytildi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi faxriylar kengashi raisi o’rinbosari G’ayratjon Jo’rayev xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish lozimligi xususida gapirib, mullifligidagi “O’lmas iz” kitobi haqida ma’lumot berdi.
Yig’ilishda Jizzax viloyati musiqali drama teatri aktyori, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Jo’ra Isroilov ijodiy jamoaning erishayotgan yutuqlari xususida so’z yuritdi.
Darhaqiqat, teatr san’ati hayotni, voqea-hodisalarni, turli kurashlar va ziddiyatlarni, ichki kechinmalarni dramatik hatti-xarakatlarda, aktyor ijrosi orqali aks ettiradi. Tomoshabin esa sahnadagi badiiy hayot orqali o’z hayotini ko’radi, aktyor talqinidagi obraz orqali o’z yutuq-kamchiliklarini, illat va fazilatlarini taftish qiladi.
Tadbir davomida 27 mart xalqaro teatr kuni munosabati bilan viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan teatr ijodkorlariga hurmat va ehtirom ko’rsatildi. SHuningdek, Navro’z umumxalq bayrami munosabati bilan viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatining erkin yollangan ishchi va xodimlarga boshqarma boshlig’ining tashakkurnoma va esdalik sovg’alari topshirildi.