7 Sentyabr 2024 yil 2098

Jizzax shahrida “Xavfsiz tun” profilaktik tadbiri o`tkazildi

Jizzax shahrida viloyat ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmatlar xodimlari tomonidan “Xavfsiz tun” profilaktik tadbiri o`tkazildi. Tadbir avvalida viloyat IIB boshlig`i o`rinbosari, podpolkovnik Rahmatulla Bo`riev rahbarligida yo`riqnoma o`tildi.

Jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bilan birga jinoyat hamda huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo`luvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan tadbirda viloyat IIB mutasaddilari Jizzax shahrining “Ittifoq” MFY ettiligi tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash va jinoyatchilikning oldini olish borasidagi faoliyati bilan tanishishdi. Shuningdek, 17- sonli o`rta umumta’lim maktabida xizmat qilayotgan idoraviy qorovullarning xizmati o`rganildi. “Mirzo Ulug`bek” MFY hududida va Jizzax temir yo`l bekatida tungi xizmatni olib borayotgan xodimlariga qo`shimcha yo`riqnomalar berildi.

Profilaktik tadbir doirasida umumiy ovqatlanish shahobchalari, choyxona, restoran va kafelar, savdo va ko`ngilochar majmualarda targ`ibotlar qilindi. Shu qatorda qonunbuzarlik sodir etgan shaxslarga tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, shahar IIB tomonidan profilaktik hisobga va ma’muriy nazoratga olingan shaxslar hamda probasiya guruhi nazoratida jazo o`tayotgan mahkumlar bilan profilaktik suhbatlar qilindi.

Yo`l transport hodisalarining oldini olish hamda harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan reydlarda esa 125 ta transport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Text to speech