Xotira – muqaddas, qadr aziz
O’tganlarni xotirlamoq, ayniqsa, yurt ravnaqi, tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo’lida qurbon bo’lganlar jasoratini yod etmoq elimizning ezgu qadriyatlaridan biri sanaladi. SHu ma’noda, mamlakatimizda 9 may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan turli tadbirlar uyushtirilayotgan ayni damlarda ichki ishlar organlari tizimida samarali faoliyat ko’rsatgan, marhum Doniyor Mamatqobilovni eslashni joiz, deb bildik.
Doniyor Mamatqobilov 1984 yilning 27 oktyabrida Jizzax viloyati G’allaorol tumani Buloqboshi qishloq fuqarolar yig’ini CHuvulloq qishlog’ida tug’ilgan. U 2008 yilda Jizzax davlat pedagogika institutining jismoniy tarbiya va jismoniy madaniyat fakul’tetini tamomladi. Doniyor sohadagi faoliyatini 2009 yilda SHarof Rashidov tumani ichki ishlar bo’limi huquqbuzarliklarning oldini olish bo’linmasi militsiya tayanch punktlari profilaktika inspektori lavozimida boshladi. 2020 yilning 14 avgustiga qadar shu tizimda faoliyat ko’rsatdi.
O’sha damlarda ichki ishlar organlari xodimlari el osoyishtaligini asrash, jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan birga koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida jonbozlik ko’rsatayotgan edi. CHunonchi Doniyor va hamkasblari muntazam ravishda fuqarolarning karantin qoiadalariga amal qilishlariga oid targ’ibot olib bordi. O’z mahallasi hududida pandemiya sharoitida qiynalib qolganlarga ijtimoiy yordam ko’rsatilishiga bosh-qosh bo’ldi.
Mazkur jarayonda unga ham tojli balo yuqdi. SHifoxonada qilingan muolajalar kutilgan natijani bermadi va 2021 yilning 6 sentyabrida mayor Doniyor Mamatqobilov hayotdan ko’z yumdi.
Mayor Doniyor Mamatqobilov umrining so’nggi yillarida SHarof Rashidov tumanining Ziyokor mahalla fuqarolar yig’inida osoyishtalikni ta’minlashga mas’ul edi. Bundan tashqari 9- sonli ichki ishlar bo’linmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhining profilaktika katta inspektori sifatida Jizzaxlik, Xovastlik, Madaniyat mahallalarida faoliyat olib borayotgan xizmatdoshlariga rahbarlik qilish asnosida Doniyor Mamatqobilov hududda jinoyatlarning oldini olish ishiga katta hissa qo’sha oldi.
Doniyor Mamatqobilovdan ikki o’g’il va bir qiz qoldi. Farzandlaridan biri Jasur otasiga munosib davomchi bo’lish niyatida. Bu orzunining ushalishini barcha jigarlari, chunonchi Jizzax davlat pedagogika institutida o’qituvchi bo’lib ishlovchi onasi Gulchehra Mo’minova chin dildan xohlaydi.
Doniyor Mamatqobilovning qarindoshlari tez-tez to’planib turishadi. Oqibat ufurib turadigan mazkur davrada u aziz o’g’il, mehribon aka, sevimli ota, suyukli yor sifatida eslanadi va albatta “Otasining yashay olmagan umrini tangri bolalariga bersin”, degan ezgu tilak dildan tilga ko’chadi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.