Hujjatsiz go’shtlar manziliga yetib bormadi
Go’sht mahsulotlarini tashish chog’ida amal qilish kerak bo’lgan zarur qoidalar mavjud bo’lib, bu o’z navbatida iste’molchini sifatli mahsulotlar bilan ta’minlashni ko’zda tutadi. Ayniqsa, bugungi jazirama kunlarda ushbu tartibga rioya qilmaslik va e’tiborsizlik go’shtning tezda buzilishi va iste’mol uchun yaroqsiz holga kelishiga sabab bo’lishi mumkin. Jizzax viloyati IIO xodimlarining sa’yi harakati bilan shu kabi bir necha noqonuniy harakatlarga barham berildi. Xususan, joriy yilning 25 iyul kuni soat 21:00 larda G’allaorol tumani hududida joylashgan “Sangzor-15” YPX maskanida Toshkent yo’nalishida harakatlanayotgan “Kobalt” soha xodimlari tomonidan to’xtatilgan. Qashqadaryo viloyati Koson tumani Uzunquduq qishlog’ida yashovchi 1992 yilda tug’ilgan fuqaro boshqaruvidagi ushbu avtomashina tekshirilganida yukxonada 283 kilogramm chorva mol go’shti borligi aniqlandi. Haydovchi go’sht o’ziga tegishli ekanligini, go’shtni Toshkent shahriga sotish uchun olib ketayotganligini aytgan, ammo hech qanday hujjatni taqdim eta olmagan. SHu boisdan go’sht mahsulotlari vaqtincha muzxonaga joylashtirilgan.
Jizzax viloyati IIB JXX JTSB karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi xodimlari Samarqanddan poytaxt Toshkentga sotish uchun olib ketilayotgan yana bir 284 kilogramm go’shtni ham manziliga yetib borishiga yo’l qo’yishmadi. “Isuzu”ning yukxonasida bo’lgan go’sht “Sangzor-15” YPX maskanida to’xtatib qolindi. Samarqand viloyati Kattaqo’rg’on tumani Qorakulcha qishlog’ida yashovchi haydovchi avtomashina haydovchisi o’ziga tegishli go’shtga oid hech qanday hujjatni taqdim eta olmagan.
Xuddi shunday Jizzax shahrida harakatlanayotgan “Neksiya” IIO xodimlari tomonidan to’xtatilgan. Tekshiruv davomida SHarof Rashidov tumani Taraqqiyot mahallasida istiqomat qiluvchi 38 yoshli fuqaro o’ziga tegishli avtoulovi salonida 260 kilogramm go’shtni sotish uchun olib ketayotgani ma’lum bo’ldi. Ammo mahsulotga oid hech qanday hujjatni taqdim eta olmaganligi bois ushbu go’sht ham muzxonaga joylashtirilgan.
Ta’kidlash joiz, joriy yilning birinchi yarim yilligida Jizzax viloyati IIB JXX JTSB karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi xodimlari tomonidan maxsus jihozlanmagan avtoulovlarda tashilayotgan sifatsiz va iste’molga yaroqsiz qariyib 2 yarim ming kilogrammga yaqin yirik va mayda shoxli hayvonga tegishli go’sht maxsulotlari belgilangan tartibda yo’q qilindi.