9 Sentyabr 2021 yil 588

Huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo’yicha faoliyat tahlil qilindi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashning kengaytirilgan yig’ilishi bo’lib o’tdi. Tadbirda yo’l-transport hodisalarining oldini olish va ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish masalasi ko’rib chiqildi. SHuningdek, kriminogen vaziyatni barqaror saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurashishga qaratilgan ishlar Zarbdor tumani misolida muhokama etildi.

Jinoyatchilikning oldini olish, uni barvaqt aniqlash hamda samarali qarshi kurashish huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati, shuningdek, bu idoralarning bir qator davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligiga bog’liq. Ayni yo’nalishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokamasi va kelgusidagi vazifalarni belgilashga qaratilgan yig’ilishni Jizzax viloyati prokurori Islomjon Ergashxodjayev boshqarib bordi. SHuningdek, tadbirda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov so’zga chiqdi.

Yig’ilishda mas’ul tashkilotlarning jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan faoliyati viloyat prokuraturasi tomonidan o’rganilgani ma’lum qilinib, bu yo’nalishda kuzatilgan kamchiliklarga e’tibor qaratildi. Xususan, O’zbekiston Respublikasining “Yo’l harakati xavfsizligi to’g’risida”gi qonuni ijrosini ta’minlash borasidagi kamchiliklar tilga olindi.

Yig’ilishda voyaga yetmaganlar ishtirokida yuz bergan ko’ngilsiz hodisalarga alohida e’tibor qaratildi. SHuningdek, haydovchilarni tayyorlash jarayonini doimiy nazoratga olish, transport vositalarini majburiy texnik ko’rikdan o’tkazish, yo’l harakati ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlashda muhim omil hisoblangan yo’l belgilarini o’rnatish va yaroqsizlarini almashtirish borasidagi kamchiliklar tilga olindi.

SHuningdek, hududdagi umumiy foydalanishdagi avtomobil’ yo’llarida transport vositalarining xavfsiz harakatlanishi uchun yuk tashishda me’yorga rioya qilinishi, bozorlar, istirohat bog’lari kabi aholi gavjum joylarda harakat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarga nisbatan o’z vaqtida qonuniy chora ko’rish, yo’l-transport hodisalari bilan bog’liq holatlar bo’yicha tergovga qadar tekshiruv o’tkazishda qonunbuzarliklarga yo’l qo’ymaslik uqtirildi.

Kengaytirilgan yig’ilishda kriminogen vaziyatni barqaror saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurashish masalasi Zarbdor tumani huquqni muhofaza qiluvchi organlari faoliyati misolida tahlil etildi. Ma’lum qilinishicha, tumanda shu yilning 30 avgust holatiga umumiy jinoyatchilik 53 foizga oshib, oldini olish mumkin bo’lgan jinoyatlar 43 foizini tashkil etgan. Mudhish jinoyatlar aksariyat hollarda oila-turmush va oddiy maishiy munosabatlar zamirida kelib chiqqan.

Bundan tashqari, xotin-qizlar va yoshlar ishtirokidagi qonunbuzilishlar, ularning kelib chiqishiga sabab bo’lgan omillar ko’rsatib o’tildi. Davlat organlari, jamoat tashkilotlari tomonidan jinoyatga moyil shaxslar, ularning oilalari bilan manzilli ishlanmaganligi tanqid qilindi. Yig’ilishda mas’ullarga huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jinoyatchilikni jilovlash, osoyishtalikni ta’minlash va bu yo’nalishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan uzviy hamkorlikni yo’lga qo’yish bo’yicha aniq topshiriqlar berildi. Tadbir so’nggida viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashning qarori qabul qilinib, bajarilishi lozim bo’lgan muhim vazifalar belgilab olindi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech