21 Sentyabr 2024 yil 1570

Qish taraddudi


Jizzax viloyati hokimining joriy yil 6 sentyabridagi viloyatda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy va energetika sohasi ob’ektlari, mahallalardagi yakka tartibdagi hamda ko`p kvartirali uy-joy fondini 2024-2025 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash, aholidan kelib tushayotgan murojaatlar bo`yicha dolzarb muammolarni hal etish ishlarini yanada kuchaytirishga oid farmoyishi ijrosini ta’minlash borasida 3- sektor mas’ullari tomonidan bir qator tadbirlar amalga oshirilyapti. Jumladan, yonilg`i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo`yicha Zafarobod tumani shtabi a’zolari ishtirokida yig`ilish tashkil qilindi.

  Tadbirda mutasaddilarga bino va inshootlar isitish tizimlari sozligini tekshirish, zaxiralar miqdorini aniqlash, kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish, elektr, tabiiy va suyultirilgan gaz, ko`mir va issiqlik energiyasini uzluksiz etkazishni tashkil qilish, aholi tomonidan ko`tarilgan muammolarni hal qilishga doir vazifalari belgilab olindi. Shundan so`ng ishchi guruh a’zolari Zafarobod tumanining “Birlik” mahallasidagi 3- sonli o`rta umumta’lim maktabi hamda hududdagi 30 ta ko`p qavatli uyning qishga tayyorgarligini o`rgandi.

  Mazkur jarayonda ko`mir zaxirasi, qozonxonalarning ishlashi, issiqlikni tejash hamda is gazidan zaharlanish, yong`in singari ko`ngilsiz hodisalarning oldini olishga oid masalalarga e’tibor qaratildi. Yana bir ma’lumot: muammolarga qisqa muddatlarda echim topish maqsadida har bir ishchi guruh va shtab tarkibiga hokimlik, kommunal tashkilotlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ullari kiritilgan. Qisqasi, qishga qizg`in hozirlik ko`rilmoqda.

Text to speech