Ichki ishlar vaziri o`rinbosari Jizzaxda o`rganishlar olib bormoqda
Ichki ishlar vaziri o`rinbosari, polkovnik Yahyojon Abdulxakovning Jizzax viloyatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni o`rganishni Mirzacho`l tumanidan boshladi. Dastlab vazir o`rinbosari tuman ichki ishlar bo`limi huzuridagi tergov guruhi xodimlarining xizmat faoliyati bilan tanishdib, faoliyat samaradorligini oshirish yuzasidan ko`rsatmalar berdi.
Shuningdek, soha xodimlarining ma’naviy bilimlarini boyitish, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilinishi, inson huquq va erkinlari ta’minlanishi masalalariga ham e’tibor qaratildi.
O`rganish chog`ida vazir o`rinbosari tumandagi “G`alaba” MFYda mahalla beshligi bilan muloqot qildi. Jarayonda hududda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida jinoyatchilikni jilovlash, aholi muammolari bilan ishlash, yoshlarning bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazish, xotin-qizlar jinoyatchiligi va oilaviy ajrimlarning oldini olish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Shu ma’noda joriy yilning o`tgan davrida mahallada sodir etilgan jinoyat va qonunbuzarliklar tahlil etildi.
Ichki ishlar vaziri o`rinbosari Do`stlik tumanining “qizil” toifadagi Sanoatchilar mahallasida ham bo`ldi. Qariyb 4 mingga yaqin aholi istiqomat qiladigan hududda fuqarolar tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, nizoli oilalar, probasiya nazoratidagi shaxslar bilan ishlash borasidagi ishlar o`rganildi. Shu bilan birga yaqinda foydalanishga topshirilgan mahalla fuqarolar yig`ini binosida davlat xizmatchilari uchun yaratilgan qulayliklar ko`zdan kechirildi.
Bundan tashqari Do`stlik tumani ichki ishlar bo`limining vaqtincha saqlash hibsxonasi faoliyati o`rganilib, shart-sharoitlari bilan tanishdi.
Tuman ichki ishlar bo`limi mas’ullari bilan birga hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, kriminogen vaziyat, “qizil toifa”da bo`lgan mahallalarni “yashil toifa”ga o`tkazish, jamoat joylariga kuzatuv kameralarini o`rnatish, manzilli ishlar samaradorligini oshirish bo`yicha qilinayotgan ishlar tahlil qilindi.
Polkovnik Yahyojon Abdulxakov Arnasoy tumani ham bo`lib, hududni iqtisodiy rivojlantirish, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog`lomlashtirish borasidagi ishlar “G`oliblar” mahallasi misolida ko`rib chiqildi. Mahalla faollari bilan muloqotda profilaktik hisobda turadigan, ichkilikka ruju qo`ygan shaxslar bilan ishlash, ularning yashash sharoitlarini o`rganish va aniqlangan masalalarini joyida hal etish bo`yicha mutasaddilarga vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, tuman ichki ishlar bo`limi huzuridagi tergov guruhi xodimlarining faoliyatiga ham nazar tashlanib, ish ko`rish jarayonida inson huquqlarini ta’minlash, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etish zarurligi qayd etildi.
Ichki ishlar vaziri o`rinbosarining viloyatdagi o`rganish ishlari davom etmoqda.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati