4 Sentyabr 2024 yil 2274

Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik liseyida yangi o`quv yilining boshlanishi munosabati bilan tadbir o`tkazildi


Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik liseyida yangi o`quv yilining boshlanishi munosabati bilan uyushtirilgan tadbir «Bir bo`lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!» shiori ostida o`tdi. Lisey o`quvchilari hamda pedagogik jamoa vakillari ishtirokida uyushtirilgan tantana avvalida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari, podpolkovnik Hamidullo Abdullaev barchani respublikamiz Mustaqilligining 33 yilligi bilan qutladi.

  Notiq istiqlol yillarida amalga oshirilgan islohotlar hamda erishilgan natijalarga to`xtaldi. Shu bilan birga lisey jamoasining yutuqlari e’tirof qilindi. Chunonchi, joriy yilda lisey bitiruvchilarining 27 nafari Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, 7 nafari jamoat xavfsizligi universiteti, 4 nafari Chirchiq oliy tank qo`mondonlik-muhandislik bilim yurti, 1 nafari favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi, 122 nafari boshqa oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingani bildirildi. Shundan so`ng o`quvchilar ishtirokida tantanali parad tashkil qilindi.

Mamlakatimizdagi har bir o`quv muassasasida bo`lgani kabi Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik liseyida birinchi dars mustaqillik saboqlari bo`ldi. Bu jarayonda yoshlarning yurtimiz istiqloli uchun kurashgan ulug` ajdodlarimiz haqida ma’lumotlar berildi.

Text to speech