25 Noyabr 2024 yil 1559

O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasining kunduzgi ta’lim shakliga o`qishga qabul qilish bo`yicha e’lon

O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi ta’lim shakliga 2025/2026-o`quv yil uchun o`qishga hujjat topshirish istagida bo`lgan, Jizzax viloyatida doimiy ro`yxatda turib, yashab kelayotgan, yoshi o`n yettidan kichik (qabul yilida o`n yetti yoshga to`ladiganlar) va yigirma beshdan katta bo`lmagan, shu jumladan, yigirma besh yoshdagi umumiy o`rta, o`rta-maxsus va professional ma’lumotga ega fuqarolar 2025 yilning 15 fevral kuniga qadar Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmatiga murojaat etishlari mumkin.

Bunda, erkak nomzodning bo`yi 165 santimetrdan, ayol nomzodning bo`yi 160 santimetrdan past bo`lmasligi talab etiladi.

Akademiyada o`qish muddati uch yil bo`lib, ichki ishlar organlarining quyidagi mutaxassislarni tayyorlab beradi:

- Tezkor-qidiruv faoliyati;

- Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati;

- Ekspert-kriminalistika faoliyati;

- Jinoiy jazolarni ijro etish faoliyati;

- Probasiya faoliyati;

- Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash faoliyati;

- Tashkiliy-shtab yo`nalishlari bo`yicha.

O`qishni tamomlagan kursantlarga yurist malakasi va leytenant maxsus unvonlari beriladi.

Akademiyaga o`qishga qabul qilish tanlov, teng huquqlilik va qabul qilishning yagona qoidalari asosida amalga oshirilib, u o`z ichiga dastlabki tanlov, maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbatni oladi.

Bir bosqichdan muvaffaqiyatli o`ta olmagan nomzodlar keyingi bosqichga qo`yilmaydi.

Dastlabki tanlov o`z ichiga hujjatlarni to`plash, o`rganish va tibbiy ko`rikdan o`tkazish jarayonlarini olib, ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Maxsus kasbiy tanlov o`z ichiga hujjatlarni o`rganish, tibbiy ko`rikdan o`tkazish, yozma ish, umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va chet tillarini o`zlashtirganlik darajasini baholash jarayonlarini olib, Akademiyada qabul komissiyasi tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.

Yakka tartibdagi yakuniy suhbat o`z ichiga huquqshunoslik, o`zbekiston tarixi va tarbiya fanlaridan nomzodlarning bilimini baholash jarayonlarini olib, akademiyada qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Eslatma: Akademiyaning kunduzgi ta’lim shakliga o`rta va o`rta maxsus ma’lumotga ega bo`lgan fuqarolar umumiy kvotaning o`n foizi bo`yicha qabul qilinadi!

Ma’lumot uchun: 72 226-79-73, 72 226-79-26. Manzil, Jizzax viloyati Jizzax shahri, Sayiljoyi MFY, To`raqulov ko`chasi, 17-uy. IIV Jizzax akademik liseyi, ichki ishlar organlariga nomzodlarni qabul qilish markazi.

Text to speech