9 Fevral 2022 yil 700

Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh Jizzax viloyatida

Mamlakatimiz Prezidenti topshirigʻi asosida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Jizzax viloyatida oʻrganish ishlarini boshladi. Bu jarayonda jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash, mahallalarni jinoyatdan xoli xavfsiz hududga aylantirish borasidagi faoliyat samaradorligi oʻrganilib, aholini qiynayotgan muammolarni joyida hal etish choralari koʻrilyapti. Xuddi shunday, ichki ishlar organlari tizimida xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishini nazorat qilish, maxsus tezkor-qidiruv hamda profilaktik tadbirlarni oʻtkazish masalalariga eʼtibor qaratilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, ishchi guruh viloyatdagi faoliyatini masalaga aloqador masʼullar ishtirokidagi yigʻilish bilan boshladi. Tadbirda Poʻlat Bobojonov oʻtgan yilning 12-fevraldagi IIV hayʼatining kengaytirilgan yigʻilishida respublikamiz Prezidenti tomonidan berilgan topshiriqlar hamda davlatimiz rahbarining 2021-yil 29-noyabrdagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida amalga oshirilgan ishlarga diqqat qaratish zarurligini uqtirdi.

Shundan soʻng ishchi guruhi aʼzolari viloyatning barcha shahar va tumanlarida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha olib borilgan ishlar ahvolini oʻrganishga kirishdilar. Xususan, Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi guruh yangidan barpo etilayotgan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi maʼmuriy binosi qurilishi jarayoni bilan tanishdi. Binoning bunyod etilishiga oid tavsiyalar hamda hududni obodonlashtirish ishlari yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.

Oʻrganish davomida viloyat IIB patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi, tibbiyot boʻlimi hamda Jizzax shahridagi 3-sonli ichki ishlar boʻlimi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi.

Shu kuni vazir Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyi faoliyati bilan tanishib, oʻquvchilar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Unda mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, vatanparvarlik tuygʻusini yuksaltirish, ularga yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida fikr yuritdi.

Kun davomida viloyat markazidagi 4-sonli huquq-tartibot maskanida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi. Bu jarayonda mahalla faollari, xususan xokimning iqtisodiy masalalar boʻyicha yordamchilari, yoshlar yetakchilari profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish masalalari koʻrildi.

Taʼkidlash joiz, mazkur huquq-tartibot maskani hududidagi 10 ming 337 nafar aholi istiqomat qiladigan Ittifoq mahallasida joriy yilda jinoyat sodir etilmagan. Bu koʻrsatkich mahallada olib borilgan profilaktik tadbirlar, xususan “mahallabay” va “fuqarobay” ishlash natijasi sifatida baholanmoqda.

Vazir boshchiligidagi ishchi guruh eʼtibori Jizzax shahri markazida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkaziga ham qaratildi. Bu yerda markaz faoliyati haqida atroflicha maʼlumot berildi. Chunonchi, ayni vaqtda markazda 629 nafar fuqaro 32 ta yoʻnalish boʻyicha kasb-hunarga oʻqitilayotgani, shuningdek muassasada rus, ingliz, koreys, yapon va xitoy tillari oʻrgatilishi bildirildi.

Xuddi shu tartibda viloyatning shahar va tumanlarida ham oʻrganish ishlari olib borilmoqda.

IIV Axborot xizmati

 

Text to speech