Ichki ishlar vaziri Jizzaxdagi maktab-internat bilan tanishdi
SHu yilning yanvar’ oyida respublikamiz Prezidenti tashabbusi bilan joylardagi ko’zi ojiz va zaif ko’ruvchi bolalar uchun mo’ljallangan o’quv muassasalari ichki ishlar organlari biriktirilgan edi. SHu ma’noda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po’lat Bobojonov Jizzax shahridagi viloyat ko’zi ojiz va zaif ko’ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida bo’lib, muassasa sharoitlarini o’rgandi.
Po’lat Bobojonov Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasiga biriktirilgan mazkur maktab-internat faoliyati bilan tanishar ekan, muassasa pedagogik jamoasining ta’lim sifatini oshirishga doir takliflarini tingladi. Bu jarayonda 150 o’rinli maktab-internatida 286 nafar o’quvchi bilim olishi ma’lum qilindi. O’quv o’rinlari sonini ko’paytirishga sinfxonalarni moslashtirish yo’li bilan erishilgan.
Xuddi shunday, 150 o’rinli yotoqxonaga qo’shimcha krovatlar qo’yilib, 240 nafar o’quvchi joylashtirilgan. Oshxonada o’rin yetishmasligidan hammani bir vaqtda qamrashning iloji yo’q. Bundan tashqari o’quv qurollari, maxsus printerlar, kitoblar, ayniqsa brayl yozuvidagi adabiyotlar, sport anjomlari kamligi bildirildi.
Po’lat Bobojonov bu yo’nalishdagi maktablarni ichki ishlar organlari patronajligiga berishdan maqsad muammolarni bartaraf qilish ekanligini ma’lum qildi va ko’zi ojizlarga mo’ljallangan o’quv va ko’rgazmali qurollar ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish, bolalarning bilimlarini oshirish hamda ularni kasb-hunarga o’rgatishga oid takliflari bilan o’rtoqlashdi. SHuningdek, o’quvchilarning matematika, san’at va sportga doir iqtidorlarini yuzaga chiqarish imkoniyatlariga to’xtaldi.
O’z navbatida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov maktab-internat hududida barpo etilishi ko’zda tutilayotgan qo’shimcha bino haqida ma’lumot berdi. Mazkur inshootda 100 nafar o’quvchiga mo’ljallangan sinfxonalar, 100 o’rinli yotoqxona, 150 o’rinli oshxona hamda 110 o’rinli ma’rifat zali bo’lishi bayon etildi.
SHundan so’ng Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po’lat Bobojonov viloyat hokimligi, 20 dan oshiq boshqarma, tashkilot va korxonalar mas’ullari ishtirokida yig’ilish o’tkazdi.
Tadbir davomida maktab-internatda ta’lim sharoitlarini yaxshilash bo’yicha fikr va tavsiyalar bildirildi. Jumladan, elektr quvvati uzluksizligini ta’minlash, shifokorlar sonini oshirish hamda moliyaviy qo’llab-quvvatlashga e’tibor qaratildi. Vazir ko’tarilgan masalalar yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati