Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi SHoxruh G’iyosov sohaviy xizmat mas’ullari, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ochiq muloqot o’tkazdi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi, IIV Axborot xizmati rahbari, polkovnik SHoxruh G’iyosov aholi bilan bevosita ishlovchi sohaviy xizmatlar mas’ullari bilan muloqot o’tkazdi. Tadbirda ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik nazoratiga oid huquqiy hujjatlarning mohiyati, faoliyatni ochiqlik va shaffoflik asosida yuritish, jurnalistlar, blogerlar va ijtiomiy tarmoq faollari bilan hakmorlikni yo’lga qo’yish bo’yicha tushunchalar berildi. Viloyat ichki ishlar organlari vakillari IIV Axborot xizmati rahbaridan o’zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
Xuddi shunday SHohrux G’iyosov jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollari bilan ochiq muloqot o’tkazdi. Mazkur jarayonda jurnalist va blogerlar jamiyatda ro’y berayotgan jinoiy yoki ma’muriy huquqbuzarliklar hamda boshqa voqea-hodisalar, qolaversa ichki ishlar organlariga oid masalalar bo’yicha tizimning axborot xizmatlari orqaligina aniq ma’lumot olishlari mumkinligi bildirildi.
SHuningdek, muayyan voqea va hodisa haqidagi videolavha, xabar yoki maqolalarni tayyorlashda xolislik va aniqlik tamoyillariga qat’iy amal qilish zarurligi uqtirildi. Qonunbuzarlik, jinoyat yoki huquqbuzarliklarga oid ma’lumotlarning to’g’riligini tekshirib, keyin e’lon qilish nafaqat axborot tarqatuvchi, balki har qanday shaxs, shu jumladan jurnalist va blogerlarning ham majburiyati ekanligi ta’kidlandi.
Ochiq muloqot davomida bloger va jurnalistlarni ichki ishlar organlarining tergov, probatsiya, yo’l harakati xavfsizligi kabi sohaviy xizmatlari faoliyatiga oid masalalar qiziqtirdi. SHuningdek, ijtimoiy tarmoq orqali muayyan shaxsga bosim o’tkazishning huquqiy oqibatlari, axborot tarqatish madaniyati, IIV axborot xizmatining rejalari, shaxsga oid ma’lumotlarni oshkor qilmaslik kabi qator masalalar ham yig’ilganlar e’tiborida bo’ldi.
Tadbir yakunida ichki ishlar organlarining OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar faollari bilan hamkorligini kuchaytirishga oid bir qator chora-tadbirlar belgilab olindi.