IIV Jizzax akademik litseyida o’quv yili ko’tarinki ruhda boshlandi
Butun respublikamizdagi ta’lim muassasalarida bo’lgani kabi IIV Jizzax akademik litseyida ham yangi o’quv yili boshlanishiga bag’ishlangan tadbir “Yangi O’zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida uyushtirildi. Tantanada odatdagidek Jizzax viloyati IIB mas’ullari va soha faxriylari hozir bo’lishdi.
Tadbirda Jizzax viloyati IIB boshlig’i o’rinbosari, podpolkovnik Hamidullo Abdullayev so’zga chiqib, yig’ilganlarni istiqlolimizning 31 yilligi bilan muborakbod etdi. SHuningdek, notiq mamlakatimizda ulg’ayayotgan avlod vakillarining bilim olishlari va kasb-hunar egallashlari uchun yaratilgan sharoitlar to’g’risida atroflicha to’xtaldi.
Xuddi shunday, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish, yetuk va malakali kadrlar tayyorlashda IIV ta’lim muassasalari, xususan 357 nafar o’quvchi bilim olayotgan Jizzax akademik litseyining ahamiyati to’g’risida fikr yuritildi. O’z navbatida yoshlarga ilm berish, kasbiy tayyorlash va ularning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini mustahkamlashda fidoyilik namunalarini ko’rsatayotgan o’qituvchilar hamda fan, sport va san’at yo’nalishlarida yuqori natijalarni qayd etayotgan o’quvchilarning yutuq va natijalari e’tirof etildi.
Ma’lumot o’rnida aytish kerak, ta’lim muassasasini o’tgan o’quv yilida tamomlagan bitiruvchilarning 30 nafari IIV akademiyasi, 16 nafari harbiy yo’nalishdagi, 185 nafari fuqaroviy oliy ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilingan.