“Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o’quv kursi tashkil etildi
Jizzax viloyati IIBda Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida sayyor o’quv kursi tashkil etildi. Mazkur o’quvda viloyat IIOning tezkor-qidiruv, tergov boshqarmasi, IIV JIED 3- mintaqaviy hudud 29- va 30- sonli manzil koloniyalari hamda viloyat prokuraturasi xodimlari ishtirok etishdi.
Mamlakatimiz Prezidentining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori ijrosi yuzasidan tashkil etilgan o’quv mashg’uloti avvalida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o’rinbosari, Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov va O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o’rinbosari, polkovnik YAxyojon Abdulxakov o’quv kursi ochilishi munosabati bilan video-murojaat yo’llab, ma’ruzachi va tinglovchilarni qutlashdi.
Seminarda Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Milliy markazi hamda O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi mas’ullari, mutaxassislar, IIV Akademiyasi, IIV Malaka oshirish instituti professorlari tomonidan ma’ruzalar qilindi. Xususan, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar, qiynoqqa qarshi konvensiyaga Fakul’tativ protokoli, qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar: xalqaro tajriba va milliy amaliyot haqida tushuntirishlar berildi. SHu bilan birga qiynoqqa solish bilan bog’liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi hamda qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati, kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, xabar berishga oid xalqaro standartlar va O’zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo’llanilishi, qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari haqidagi ma’ruzalarda so’nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g’ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo’llash holatlariga mutlaqo yo’l qo’ymaslik maqsadida keng ko’lamli ishlar amalga oshirilayotgani, qiynoqqa solishga qarshi kurashishda xalqaro amaliyot va milliy tajriba, xalqaro standartlar xususida ham so’z bordi.
Bundan tashqari voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar, Nel’son Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati, ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari haqida tushunchalar berildi. Mashg’ulotlarda olingan bilimlar amaliy mashg’ulotlarda mustahkamlab borildi.
Qisqasi, mamlakatimiz rahbarining joriy yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O’zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi asosida o’tkazilgan mashg’ulotlar orqali tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining qiynoqqa solishga qarshi kurashishda xalqaro amaliyot va milliy tajribani qo’llashga oid ko’nikmalari yanada oshirildi. O’quv kursi yakunida tinglovchilardan sinovlar olinib, xodimlarga sertifikatlar topshirildi.
Jizzax viloyati IIB
axborot xizmati