15 Aprel 2022 yil 563

Ish faoliyati sektorlar kesimida tahlil qilinmoqda

Avval xabar berganimizdek, respublika idoralararo ishchi guruhi Jizzax viloyatida boʻlib, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, qonunbuzarliklarga qarshi kurashish, viloyat, shahar va tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyati hamda davlat dasturlarining ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan atroflicha tanishmoqda.

Jumladan, oʻrganishlarning ikkinchi kuni Doʻstlik tumanining 6 ming 227 nafar fuqaro istiqomat qiladigan Qahramon mahallasida boʻlindi. Bu yerda mahalla tadbirkorlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, shuningdek aholini band qilish maqsadida imtiyozli kredit asosida ajratilgan yerga ishlov berish va oʻrish kichik texnikalari namoyish qilindi. Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi ham uyushtirildi.

Mahalla fuqarolar yigʻinida oqsoqollar, profilaktika inspektorlari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari bilan suhbatlashilib, sektorlar kesimida ehtiyojmand qatlamga koʻrsatilayotgan yordam, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va hududdagi sanoat korxonalari haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, mahalladagi 631 nafar oʻquvchi taʼlim oladigan 11-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi hamda 120 oʻrinli “Elnoza kids” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasining faoliyati bilan tanishildi. Mazkur jarayonda maktab kutubxonasiga 100 dan oshiq kitob hamda maktabgacha taʼlim muassasasiga oʻyinchoqlar topshirildi.

Bunday tashqari 60 nafar ishchi-xodim faoliyat koʻrsatayotgan “Nursher textil” MCHJga borildi. Maʼlumot oʻrnida aytish kerak, ushbu korxonada yiliga 420 ming dona kiyim-kechak ishlab chiqarilib, mahsulotning 85 foizi Rossiyaga eksport qilinadi.

Ishchi guruh aʼzolari Sanoatchilar mahallasida joylashgan tuman IIB YHXX binosida yaratilgan xizmat sharoitlarini koʻzdan kechirdilar. Mazkur jarayonda viloyatda yoʻl harakatini xavfsizligini taʼminlash hamda yoʻl-ulov hodisalarining oldini olish boʻyicha belgilanayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida atroflicha toʻxtatilib oʻtildi. Shu yerda viloyat YHXX xodimlari ixtiyoridagi 5 ta multiradarli avtomashinalarning imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.

Arnasoy tumanining Gʻafur Gʻulom mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan 2 gektar maydonga ega “Arnasoy limon agro” MCHJ faoliyati bilan ham tanishildi. Ushbu tadbirkorlik subyekti vakillari joriy yilda 400 ming AQSH dollari qiymatida limon va qovun eksport qilishni rejalashtirishgan.

Shuningdek, 530 ish oʻrniga ega, yiliga 104 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilayotgan “Arnasoy gold teks” MCHJga borildi. Bu yerda tayyorlanayotgan yengil sanoat mahsulotlari Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va BAAga eksport qilinmoqda.

Ishchi guruh aʼzolari tumanning Mirzo Bobur mahallasida yashovchi Xolboy Murodov xonadonida boʻlishdi. Ushbu fuqaro tikuvchilik sexi, doʻkon va 2 sotix maydonga ega issiqxona faoliyatini yoʻlga qoʻyish orqali 4 ta ish oʻrni yaratgan. Shu joyda mahalla vakillari bilan muloqot tashkil qilindi.

Zafarobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 3- sektor shtabida yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi. Bu yerda Birlik mahallasi faollari, hokim yordamchilari, profilaktika inspektorlari hamda yoshlar yetakchilariga hududlarda ishni tashkil qilish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Shtabda IIV akademiyasi professor-oʻqituvchilari tomonidan Jizzax viloyati misolida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish boʻyicha olib borilgan ilmiy izlanishlar natijalari haqida maʼlumot berildi.

Ishchi guruhi aʼzolari Paxtakor tumanidagi “Paxtakor baraka chevarlari” MCHJ hamda Paxtakor mahalla fuqarolar yigʻini va ichki ishlar organlarining 115- sonli huquq-tartibot maskanida ham boʻlishdi. Bu jarayonda asosiy eʼtibor bandlikni taʼminlash va jinoyatchilikni jilovlash masalalariga qaratildi. Qisqasi, oʻrganishlar davomida aniqlangan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish choralari belgilab olinmoqda. Ishchi guruhi viloyatdagi faoliyatini davom ettiryapti.

 

Text to speech