Ish ma’muriy tartibda ko’rib chiqish uchun sudga yuborilgan
Ijtimoiy tarmoqlarda Zomin tumanidagi 5- sonli o’rta umumta’lim maktabi direktorining ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo’yicha o’rinbosari F.YU. hamda mazkur maktabda kadrlar menejmenti yo’nalishida faoliyat olib borayotgan J.B. o’rtasidagi janjal tasvirlari tarqaldi. 2021 yilning 13 noyabrida yuz bergan mazkur holat o’rganilganida kelishmovchilik direktor o’rinbosari F.YU.ning 5 kunlik ish haqi ushlab qolinishi ortidan sodir bo’lgani aniqlandi.
Tomonlar dahanaki tortishayotgan paytda direktor o’rinbosari F.YU. J.B.ning yoqasidan ushlab, yelkasidan turtgan. J.B. bunga javoban F.YU.ning bo’yin qismiga bir marta tarsaki urgan.
SHundan so’ng F.YU. Zomin tumani markaziy shifoxonasiga borib, birinchi tibbiy yordam olgan va o’sha kuniyoq davolanish uchun viloyat akusherlik kompleksiga yotgan. Tibbiyot muassasasi ma’lumotnomasiga ko’ra, 17 noyabr’ kuni F.YU.ning 9-10 haftalik homilasi o’z o’zidan tushgan, ya’ni unda kol’pit, surunkali kamqonlikning o’rta og’ir darajasi (gemoglobin 70%) qayd etilgan.
Sud tibbiy ekspertizasi F.YU.ning chap qo’l 5- barmog’ining tashqi yuzasidagi shilinish qattiq to’mtoq jismlar ta’sirida yetkazilgan bo’lishi mumkinligini qayd qilgan va bu jarohatni sog’liqning buzilishiga olib kelmagan yengil tan jarohati sifatida baholagan.
SHuningdek, sudga oid komission ekspertiza tomonidan F.YU.ning homilasi tushishi ayoldagi somatik kasalliklarga, xususan kamqonlik darajasi va kol’pit hamda patologik holatlarga bog’liqligi, homilaning tushishiga chap qo’l 5- barmog’ining tashqi yuzasi shilinishining aloqasi yo’qligi inkor etilmasligini qayd etgan.
Qisqasi, mazkur holat bo’yicha o’tkazilgan tergovga qadar tekshiruv biron bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari yo’qligini ko’rsatdi. SHu sababli to’plangan hujjatlar ma’muriy tartibda ko’rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo’yicha Zomin tumani sudiga yuborilgan.