Ishchi guruh faxriylarga tibbiy ijtimoiy ko’mak ko’rsatdi
Mehr-oqibatli bo’lish, qariyalar, yolg’izlar holidan xabar olish, muhtojlarga yordam ko’rsatish xalqimizga hos qadriyatlaridan biridir. Bu borada yurtimizda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Do’stlik tumani IIB hamda tuman hokimligi tomonidan shunday xayrli tashabbusga qo’l urildi. Tuman IIBda tuman tibbiyot birlashmasi, profilaktika inspektorlari, tuman tibbiy ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo’limi xodimlari hamda jamoatchilik ishtirokida yig’ilish o’tkazildi. Yo’riqnoma yig’lishida ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladigan ishlar belgilab berildi. Xususan, yolg’iz qariyalarning salomatligi, yashash joyi obodligini saqlash, muammolarini atroflicha o’rganish va hal etish lozimligi tushuntirildi.
“Hech bir fuqaro o’zining muammolari bilan yolg’iz qolmasligi kerak” shiori ostidagi tadbir doirasida ishchi guruhlari mahallalarda bo’lib, yolg’iz qariyalar bilan suhbatda bo’lishdi. Tibbiyot xodimlari ularning salomatligini tekshirgan bo’lsa, mahalla faollari va tuman hokimligi mas’ullari mavjud muammolarga diqqat qilishdi. O’rganish davomida G’afur G’ulom mahallasida yashovchi Sojida Eshboyevaning davolanishga muxtojligi oydinlashdi.
Qayd etish joiz, Sojida ona ijtimoiy xizmatga olingan. Tuman tibbiy ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo’limi xodimi hafta davomida 2-3 marotaba zarur yordamlarni ko’rsatadi.
Ishchi guruh a’zolari 93 yoshli Rasul Hamdamov bilan ham suhbatlashishdi. Mavjud muammolarini o’rganish asnosida salomatligi ko’zdan kechirildi.
Bugungi kunda tumanda 39 nafar yolg’iz qariyalar istiqomat qilishadi. xayrli tashabbus doirasida barcha yolg’iz qariyalarning kunlik turmush tarzini nazorat qilib borish va amaliy yordam ko’rsatish maqsadida mahalladan vakillar biriktirildi.
SHuningdek, tuman ichki ishlar bo’limida ishchi guruh tomonidan aniqlangan muammolar hal etilishini tashkil etishga qaratilgan shtab faoliyati yo’lga qo’yilgan. Bu jarayonda ko’tarilgan masalalar mutasaddi tashkilotlarga yuborilib, ijrosi o’z vaqtida bajarilishi nazorat qilinmoqda.