Ishchi guruh o’rganishlari yakuniga bag’ishlangan yig’ilish o’tkazildi
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 10-11 avgust kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida viloyatda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, mahallalarda xavfsiz muhitni hamda aholi osoyishtaligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar Ichki ishlar vaziri o’rinbosari - Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig’i, general-mayor Davron Nazarmuxamedov boshchiligidagi ishchi guruh Jizzax viloyatida o’rganishlar olib bordi.
Ishchi guruh tomonidan viloyatning barcha shahar va tumanlari, mahallalar va olis qishloqlar o’rganildi. Jarayonda qizil toifadagi mahallalar, voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar, sudlarda nizolashayotgan shaxslarning muammolarini aniqlash va hal qilish, kiberjinoyatlarning oldini olish va bu turdagi qonunbuzarliklarni “issiq izi”da fosh etish, fuqarobay ishlash, shaxsiy tarkibda xizmat va ijro intizomini mustahkamlash kabi bir qator masalalarga e’tibor qaratilib, tahlil qilindi.
Jizzax viloyati hokimligida ishchi guruh o’rganishlarining yakuniga bag’ishlangan videoselektr tarzida kengaytirilgan yig’ilish o’tkazildi. Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev boshqargan yig’ilishda viloyat hamda shahar-tumanlar sektorlar rahbarlari, xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, ichki ishlar, prokuratura organlarining tegishli sohaviy xizmat rahbarlari, hokimlarning o’rinbosarlari, boshqa tegishli tashkilot, muassasalar rahbarlari ishtirok etishdi.
Tadbirda IIV o’rinbosari, general-mayor Davron Nazarmuxamedov ishchi guruh viloyatdagi mavjud kriminogen vaziyatni tahlillar asosida kompleks o’rganib, davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida Jizzax viloyatida jinoyatchilikni jilovlash borasidagi “Jizzax tajribasi”ni yaratish hamda “Buxoro tajribasi”ni qo’llashga doir manzilli ishlar olib borib, “Yo’l xaritasi” ishlab chiqilganligini aytib o’tdi. Shuningdek, IIV Akademiyasi tomonidan viloyatda kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo’yicha uslubiy qo’llanma ishlab chiqilgani ta’kidlandi.
Yig’ilishda “Jizzax tajribasi”ni yaratish yuzasidan ishlab chiqilgan “Yo’l xarita”si asosida profilaktik chora-tadbirlarning yanada samaradorligini oshirish maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i har oyda bir marta xalqqa murojaatnoma bilan chiqish, mahalla-shahar va tumanlar hamda viloyat kesimida hokimlar tomonidan “ijtimoiy profilaktika” tizimi bilan shaxsan shug’ullanish, oy yakuni bilan aniq muammoli masalalar va takliflarni xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga taqdim etish va muhokama qilish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda jamoat xavfsizligingi ta’minlash, tashkil etilgan “Mobil psixologik xizmat ko’rsatish” va “Mobil targ’ibot” guruhlari faoliyatini kuchaytirish, voyaga yetmaganlar va yoshlar o’rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida “mahalla beshligi” tizimi faoliyati samaradorligini oshirish choralari, tajriba sifatida Jizzax shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur mahallasini “jinoyatdan xoli mahalla”ga aylantirish, o’g’irlik va firibgarlik, tan jarohati bilan bog’liq jinoyatlar, yo’l transport hodisalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotgan turli jinoyatlarning sodir etilishiga imkon berayotgan omillar, sabab va ularning oqibatlari, aholining huquqiy ongi va savodxonligini oshirish borasidagi ishlar tilga olindi.
Shuningdek, Jizzax shahridagi kriminogen vaziyati og’ir bo’lgan Z.M.Bobur nomli mahallani “jinoyatdan xoli mahalla”ga aylantirish borasida amalga oshiriladigan ishlar ham taqdimot qilindi. qisqasi yig’ilishda shu hamda Buxoro va Jizzax tajribasini qo’llash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.