31 Avgust 2021 yil 666

Istiqlolning 30 yilligi tantana qilindi

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir o’tkazildi. Tadbirda bir guruh ichki ishlar organlari xodimlarining xizmati e’tirof etildi.

Tantanali tadbirda viloyat ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari, Jizzax shahar va Zomin tumani ichki ishlar boshqarmalari hamda barcha tumanlar ichki ishlar bo’limlari xodimlari ishtirok etdilar. Tadbir avvalida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining bayram tabrigini o’qib eshittirdi.

Qayd etilganidek, ichki ishlar organlari tizimida ko’lamli islohotlar amalga oshirilib, mustahkam, zamonaviy va tezkor ichki ishlar organlari barpo etishning huquqiy asoslari yaratildi. Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash, soha posbonlarining tinchlikni asrashdek mashaqqatli xizmatlari, zahmatli mehnatlari hukumatimiz tomonidan munosib baholandi. SHuningdek, islohotlar zamirida bosh mezon sifatida inson manfaati va el osoyishtaligini ta’minlash o’z ifodasini topgani aytildi.

Tantanali tadbirda Prezidentimiz farmoniga binoan davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan ichki ishlar organlari xodimlariga davlat mukofotlari topshirildi. Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirining buyrug’iga ko’ra, bir guruh xodimlar “Benuqson xizmatlari uchun” va “A’lo xizmatlari uchun” ko’krak nishonlari, “O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan yana bir guruh xodimlar Ichki ishlar vazirligi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan maxsus unvonlar, esdalik qo’l soatlari, faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlandi.

Tadbirda Jizzax viloyati madaniyat bo’limi xonandalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. Ona-vatanni madh etuvchi kuy-qo’shiqlar yangradi.

Qisqasi, viloyat ichki ishlar boshqarmasida O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi katta tantana qilindi.

 

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech