5 Sentyabr 2022 yil 546

Istiqlol munosib nishonlandi

YUrtimizning barcha hududlarida bo’lgani singari Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi tantanali ravishda nishonlandi. Viloyat IIB, sohaviy xizmatlar, hududiy ichki ishlar bo’limlari xodimlari va faxriylar ishtirokida o’tgan tadbir avvalida respublika Ichki ishlar vazirining o’rinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov so’zga chiqib, Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po’lat Bobojonovning bayram tabrigini o’qib eshittirdi. So’ng Ichki ishlar vazirining buyrug’i asosida xizmat davomida fidoyilik ko’rsatayotgan xodimlar rag’batlantirildi.

Bir guruh soha vakillariga “A’lo xizmatlari uchun”, “Benuqson xizmatlari uchun” ko’krak nishonlari, muddatidan oldin va navbatdagi maxsus unvonlar, moddiy yordam sertifikatlari topshirildi. Xuddi shunday, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirovning buyrug’i asosida yana bir qator faollar faxriy yorliq va sovg’alarga ega bo’lishdi.

Tadbir davomida yangidan barpo etilgan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tarixi muzeyining ochilish marosimi bo’lib o’tdi va bayram ishtirokchilari muzeydagi eksponatlar bilan tanishdilar. Keng va yorug’, 4 ta xonadan iborat mazkur ziyo maskanida ichki ishlar organlari xodimlarining davlat mukofotlari, jinoyatni ochishda qo’llanilgan qurilmalar, aloqa vositalari, hujjatlar, jinoyatlarga doxil ashyolarni ko’rish mumkin.

Turli yillarga xos fotosuratlar va xizmat kiyimlari ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyat tarzi, yutuqlaridan so’zlaydi. Fotoapparatlar, ovoz kuchaytirgichlar, audio va video qurilmalar, maxsus vositalar soha vakillarining o’tmishdagi xizmatiga doir tasavvuringizni boyitadi.

Qolaversa, muzeydan yurtimiz, xususan Jizzax viloyati tarixi, shuningdek ulug’ siymolarga oid ma’lumot va eksponatlar joy olgan. Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimlari sport sohasida erishgan yutuqlar ham o’z ifodasini topgan.

YAngi O’zbekiston ichki ishlar organlariga oid qonun hujjatlari nusxalari, sohada kechayotgan islohotlar va o’zgarishlarni aks ettiruvchi pannolar yuzaga keltirilgan. Bundan tashqari ashyo va eksponatlar to’g’risidagi ma’lumotlarni zamonaviy axborot texnologiyalari orqali olish imkoniyati yaratilgan. Qisqasi, viloyat ichki ishlar organlari xodimlarining ma’naviy hayotida yana bir ezgu o’zgarish yuz berdi. Aytgancha, 1984 yilda tashkil topgan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tarixi muzeyida 5 mingdan ortiq eksponat, fotosurat va buyumlar bor.

Ulug’ ayyomga bag’ishlangan tadbir bir piyola choy ustida IIV madaniyat saroyi ashula va raqs ansamblining bayramona konsertiga ulanib ketdi. 

Text to speech