8 Mart 2023 yil 507

Qizlar kubok uchun bellashdi

Sportning voleybol turi bo’yicha viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i kubogi uchun o’tkazilgan musobaqa ochilishida viloyat IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov yurtimizda ommaviy sport turlarini rivojlantirish borasidagi ishlar, mazkur bellashuvlarning ahamiyati va shaxs kamolotidagi o’rni xususida to’xtaldi. SHuningdek, viloyatimizning yosh sportchilari qo’lga kiritayotgan yutuqlari e’tirof etilib, ishtirokchi xotin-qizlarni bayram bilan qutladi. SHundan so’ng musobaqaga start berildi.

Aytish joiz, sport tadbiri mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus doirasida tashkil etildi. 3- sektor hududlarida yashovchi uyushmagan yoshlar ishtirokidagi musobaqada asosiy e’tibor iqtidorli va iste’dodli yoshlarni seleksiya qilish orqali professonal sport jamoalariga jalb etishga qaratilgan. Ushbu bellashuvlar 80 ta mahallaning qariyb 650 ga yaqin xotin-qizlarini qamrab oldi. Hududiy bosqichlarida g’oliblikni qo’lga kiritgan 13 ta jamoa esa musobaqaning viloyat bosqichida mahoratlarini yana bir bor namoyon etishdi. Qizg’in kurashlar ostida o’tgan bellashuv finalida zominlik va zarbdorlik voleybolchilar uchrashishdi.

Jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug’ullanishni targ’ib etish, yoshlarning sog’lom turmush tarzi bo’yicha hayotiy ko’nikmalarini shakllantirish va sportga bo’lgan qiziqishlarini yanada oshirish orqali sog’lom raqobatni yo’lga qo’yish ko’zda tutilgan bellashuv davomida jamoa aniq maqsad yo’lida birlashib, g’oliblik uchun astoydil kurash olib borishdi. Jarayonda yosh voleybolchilar kuch-g’ayrat va shijoatlarini namoyish etishdi.

YAkuniy natijalarga ko’ra Zarbdor tumani voleybolchilari birinchi, zominliklar ikkinchi va g’allaorolliklar uchinchi o’rinni band etishdi. G’oliblarga viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov diplom va qimmatbaho sovg’alarni topshirdi.

Taqdirlash marosimi so’nggida viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan badiiy dastur namoyish etildi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech