Yaxshilar yodi
Jamiyatda tinchlik, osoyishtalik ta’minlanishida ichki ishlar organlari xodimlarining alohida o’rni bor. Zero, ular tunni tongga ulab, har qanday ob-havo sharoitida xizmatda bo’ladi. Kezi kelganda hatto o’z jonidan ham kechadi. Marhum serjant Kenjaboy Sulaymonov shunday mard xodimlardan sanaladi.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi yo’l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo’l-patrul’ xizmati otryadi uchinchi safarbar guruhi yo’l-patrul’ xizmati inspektori vazifasida xizmat qilgan Kenjaboy Sulaymonov ko’rsatgan fidoyiligi bilan yaqinlari, safdoshlarining yodida saqlanib qoladigan hayot yo’lini bosib o’tdi, desak xato bo’lmaydi. Boisi kim bilan suhbatda bo’lmang uni xushchaqchaq inson va o’z ishining fidoyisi sifatida yodga oladi.
2019 yilning so’nggi oylarida Xitoy xalq respublikasida aniqlangan koronavirus infeksiyasi tez orada butun dunyoga tarqaldi. 2020 yilning 15 mart sanasida mamlakatimizda ham ushbu infeksiya bilan kasallanish qayd etildi. 1 aprel sanasida kuchaytirilgan karantin talablari joriy etildi. Bu vaqtda barcha fuqarolar o’z uylarida qolib, infeksiyadan himoyalanish choralarini ko’rayotgan vaqtda ichki ishlar organlari xodimlari o’z xizmat joyini tashlab ketmasdan aholi ogohlikka chaqirilib, karantin talablari bajarilishini nazorat qildilar. Kenjaboy Sulaymonov Vatan oldidagi vazifasini bajarish chog’ida koronavirus infeksiyasini yuqtirib oladi. Biroq ko’rilgan choralarga qaramay 2020 yil oktyabr oyining o’ninchi sanasida vafot etdi.
Kenjaboy Sulaymonov turmush o’rtog’i bilan 5 nafar farzand tarbiyalab, to’ng’ich qizini turmushga chiqarishgagina ulgurdi. Undan keyingilari hali maktab o’quvchisi, o’g’li maktabga ham bormagan. Nabirasini erkalashga-da ulgurmagan marhumning boshlagan ko’pgina ishlari esa so’nggiga yetkazilmasdan chalaligicha qoldi.
Murodjon marhumning yolg’iz o’g’li. Har zamonda dadasini qo’msab haraxasha qilib oladigan besh yoshli go’dak dadasidek ichki ishlar organlari xodimi bo’lishni maqsad qilgan.
2018 yildan buyon Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi yo’l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo’l patrul’ xizmati otryadi uchinchi safarbarlik guruhi yo’l-patrul’ xizmati inspektori sifatida faoliyat yuritan serjant Kenjaboy Sulaymonov sohadagi faoliyatini 1998 yilda boshlagan. 22 yillik faoliyati davomida Do’stlik va Zomin tumanlari ichki ishlar bo’limlarida ham xizmat qildi.
Afsuski, odamzod bu dunyoga o’z xohishi bilan kelmaydi, o’z xohishi bilan ham ketmaydi. Qachon ketmoq esa taqdiri azal. Har qanday insonga sabr tilashdan boshqa so’z aytolmaysan. Ko’ngilga faqat xotiralar taskin beradi. Xotiralar bilan yashaysan. Yaxshi amallar esa hech qachon unutilmaydi. Hayotda zavqu-shavq bilan uning har bir ne’matidan bahramand bo’lish va atrofdagi insonlarga ezgulik ilinib yashagan serjant Kenjaboy Sulaymonov singari farzandlar xotirasi esdan chiqmaydi.
Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.