Yangikentda sayyor qabul o’tdi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov Zarbdor tumanining Yangikent mahalla fuqarolar yig’inida sayyor qabul o’tkazdi. Tadbir avvalida 3- sektor hududida yashovchi yoshlarning 4 nafariga oliy ta’lim uchun kontrakt, 2 nafariga harbiy safarbarlik rezervi saflarida xizmat qilish, 1 nafariga esa haydovchilik kursida o’qish to’lovlari to’lab berilishiga oid sertifikat hamda ikki nafar fuqaroga tikuvchilik mashinasi topshirildi.
SHuningdek, bir guruh yoshlar 3- sektor rahbaridan fuqarolikni tasdiqlovchi ID kartalarni qabul qilib oldi. Bundan tashqari Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus doirasida mahallaning faol yoshlari faxriy yorliq va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.
Muloqotlar davomida esa ko’chalarga shag’al yotqizish, ichimlik suvi tarmog’i tortish, chiqindilarni olib chiqishni yo’lga qo’yish, yer osti suvlarini qochirish, turar joyni ta’mirlash, pensiya miqdorini oshirish, oliy ta’lim uchun kontrakt to’lovini to’lash, nikohga oid hujjatlarni rasmiylashtirish, moddiy yordam olish, uy qurish uchun yer uchastkasi ajratish kabi 20 ga yaqin masalalarda ko’mak so’raldi.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov hamda Zarbdor tumani hokimi Zafar Ro’ziyev tomonidan fuqarolar muammolarini hal qilish bo’yicha hudud mas’ullariga topshiriqlar berildi.