Yаshirilgan giyohvandlik moddasi
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan giyohvandlik moddalarini saqlash holatlari fosh etildi. Xususan, Do’stlik tumani Alisher Navoiy mahallasida yashovchi fuqaroning yashash uyi va yordamchi xo’jaligi ko’zdan kechirilganda og’ilxona devorining orasida ikki dona polietilen paketga solingan 466 gramm marixuana borligi ma’lum bo’ldi.
Xuddi shunday, Mirzacho’l tumani Do’stlik mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro ham yashash uyining yotoqxonasidagi shkaf ustida 50,4 gramm marixuana saqlab kelgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan G’allaorol tumani Sarbozor mahallasida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” avtomashinasi mahalla hududidan o’tgan “Toshkent-Termiz” M-39 yo’lida Toshkent yo’nalishi bo’ylab harakatlanib ketayotgan vaqtda to’xtatib tekshirildi. O’rganish chog’ida avtoulov salonining old o’ng o’rindig’i pastki qismidagi ayollar sumkasida 3 dona shaffof rangli polietilen paketlarda 72.27 gramm marixuana borligi aniqlandi.
Giyohvand moddalar hujjatlashtirilib olinib, tegishli tartibda jinoyat ishlari qo’zg’atilgan.
Jizzax viloyat IIB axborot xizmati