2 Fevral 2022 yil 576

Faoliyat tahliliga bag’ishlangan yig’ilish o’tkazildi

Jizzax viloyati Paxtakor tumani ichki ishlar bo’limida viloyat ichki ishlar boshqarmasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmatining 2021 yildagi faoliyati tahliliga bag’ishlangan yig’ilish bo’lib o’tdi.

Tadbirda viloyat ichki ishlar boshqarmasi tibbiyot bo’limi faoliyatiga ham to’xtalib o’tildi. Hududiy ichki ishlar boshqarmalari va bo’limlari hamda sohaviy xizmatlar boshliqlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati bo’yicha o’rinbosarlari hamda mazkur xizmat xodimlari ishtirokida bo’lib o’tgan yig’ilishni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari, polkovnik Olimjon Abdullayev boshqarib bordi.

Yig’ilish avvalida Mirzacho’l tumanida yashovchi, ichki ishlar organlarida uzoq yillar faoliyat ko’rsatgan faxriy Xali Igamovga Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug’i asosida “O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 30 yilligi” esdalik nishoni topshirildi. Xuddi shunday, ma’naviy-ma’rifiy sohada ichki ishlar organlari bilan yaqin hamkorlik qilayotgan Zafarobod tumani ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Saodat Inatova “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar a’lochisi” ko’krak nishonini qabul qilib oldi.

Tadbir davomida viloyat ichki ishlar organlari xodimlarining ma’naviy va siyosiy bilimlarini oshirish, jismoniy va kasbiy tayyorgarligini kuchaytirish bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy ruhda muhokama etildi. Bu jarayonda viloyat ichki ishlar boshqarmasi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish hamda tizimni kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig’i o’rinbosarlarining hisbotlari tinglandi.  

So’zga chiqqanlar ma’naviy-ma’rifiy darslar, sport mashg’ulotlarining tashkil etilishi, xodimlarning siyosiy, huquqiy va ma’naviy bilimlari hamda jismoniy tayyorgarligi borasida aniqlangan kamchiliklarni tilga oldilar. Xizmat intizomi va qonunchilikka rioya etilishiga oid masala ham ko’rib chiqildi va mavzuga oid bir nechta holatlar tafsilotlariga to’xtalinib, ko’rilgan chora va tadbirlar haqida ma’lumot berildi. SHu ma’noda, xodimbay ishlashni kuchaytirish, xizmatga mas’uliyat bilan yondashmayotganlarga e’tibor qaratish, hamkasblariga ibrat bo’layotganlarni rag’batlantirish, ustoz-shogird an’anasini samarali qo’llash, haftaning juma - “Vatanparvarlik kuni”da o’tkaziladigan tadbirlar sifatini oshirish, soha vakillarining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalalari ko’tarildi.

Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligini kuchaytirish borasidagi faoliyat ham yig’ilganlar diqqat markazida bo’ldi. Ma’lumot o’rnida aytish kerak, 2021 yilda Jizzax viloyati ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida 135 ta sport musobaqasi tashkil etilgan. Haftada ikki marta sport mashg’ulotlari uyushtirilmoqda. SHunday bo’lsa-da ayrim xodimlar jismoniy va jangovar imkoniyatlarni aniqlashga qaratilgan sinovlardan o’ta olmaganlar. Bundan tashqari ortiqcha vaznga ega xodimlar ham yo’q emas. SHu bois mas’ullarga sport tadbirlarini sifatli tashkil etish bo’yicha topshiriqlar berildi.

Yig’ilishda respublika Ichki ishlar vazirligi shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Jizzax viloyati bo’yicha bo’limi boshlig’i, podpolkovnik SHavkat Umirov so’zga chiqib, xizmat intizomi va qonuniylikni ta’minlash borasida shaxsiy xavfsizlik tizimi bilan hamkorlik qilish hamda kuzatilayotgan ba’zi nuqsonlarni bartaraf etishga doir taklif va mulohazalarini bayon etdi.

Tadbirda xodimlarning intellektual, kasbiy, jismoniy va jangovar tayyorgarligiga oid kamchiliklarga ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati mas’ullari bevosita javobgar ekanliklari bildirilib, faoliyatni jonlantirish bo’yicha aniq topshiriqlar berildi. SHuningdek, bir qator shahar va tumanlar ichki ishlar organlari boshliqlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha o’rinbosarlarining hisobotlari tinglandi va 2022 yilga oid rejalar belgilab olindi.  

Yig’ilishda viloyat ichki ishlar boshqarmasi tibbiyot bo’limiga doir bir qator masalalar ham ko’rib chiqildi. CHunonchi, harbiy tibbiy komissiya faoliyati, hududiy ichki ishlar bo’limlari va sohaviy xizmatlarda sanitariya-epidemiologiya me’yorlariga rioya etish, shuningdek kovidga qarshi emlash, majburiy profilaktik tibbiy ko’rikdan o’tish, xodimlarning sog’ligini tiklash, davolanish sharoitlarini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratilib, yo’l qo’yilgan kamchiliklarni bartaraf qilish bo’yicha topshiriqlar berildi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech