Yig’inning 3- bosqichi yakunlandi
Jizzax viloyatining SHarof Rashidov tumanidagi harbiy qismda yosh vatanparvarlar yig’inining 3- bosqichi yakunlandi. Ushbu yig’inga viloyatning 13 ta shahar va tumanidagi 52 ta sektordan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo’lgan va “YOshlar daftari”ga kiritilgan, muqim ish joyiga ega bo’lmagan 100 nafar yigitlar jalb qilindi. Ular 10 kun davomida harbiylardek hayot kechirdilar. YOshlarning saf mashqi, qurol-yarog’larni qismlarga ajratish va yig’ish, o’q otish, muhandislik va aloqa vositalaridan foydalanish, birinchi tibbiy yordam ko’rsatish, ommaviy qirg’in qurollaridan himoyalanish, topografiyaga oid ko’nikmalari oshirildi.
SHuningdek, yigitlar qiziqishiga ko’ra 5 ta guruhga ajratilib, chilangarlik, elektriklik, payvandlash, avtomashina dvigatelini sozlash hamda avtoelektriklik sirlaridan boxabar etildi. Bu ishni viloyatdagi bandlikni ta’minlash hamda hunar o’rgatishga ixtisoslashgan muassasalar ustalari zimmalariga oldilar. Biznes reja tuzish va tadbirkorlikni yo’lga qo’yish bo’yicha ham saboqlar berildi.
Qisqasi, yoshlarning hayotda o’z o’rinlarini topishlari uchun zarur bo’ladigan ko’nikmalar shakllantirildi. SHuningdek, yig’in qatnashchilarining harbiy vatanparvarlik tuyg’ularini yuksaltirish va ularni mamlakatimizda kechayotgan islohotlarga faol jalb etish choralari ko’rildi. Xususan, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va teatr tomoshalari uyushtirildi. Xuddi shunday, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, viloyat prokurori hamda viloyat soliq boshqarmasi boshlig’ining kuboklari uchun sportning milliy kurash va voleybol turlari bo’yicha musobaqalar hamda “Zakovat” intellektual o’yini o’tkazildi.
Ta’kidlash kerak, yosh vatanparvarlar yig’inining yopilish marosimi o’ziga xos tarzda o’tdi. Sektorlar rahbarlari, harbiylar, faxriylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida tashkil etilgan tadbirni Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov ochib berdi. Marosimda so’z olganlar mamlakatimizda yoshlarning bilim olishlari va kasb-hunar egallashlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida fikr yuritib, yig’in qatnashchilarining kelgusi ishlarida omadlar tiladilar.
So’ng ularga muayyan yo’nalishda kasb egallaganliklariga oid sertifikatlar topshirildi. Xuddi shunday, sport musobaqalari va intellektual o’yinlar g’oliblari taqdirlandi. YAkunda harbiy orkestr va viloyat san’atkorlarining konserti uyushtirildi.