Yillik faoliyat tahlil qilindi
Jizzax viloyati IIB MMI va KBT xizmati tomonidan o’tgan 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilandi. Yig’ilishda boshqarma sohaviy xizmatlarining kadrlar masalasiga mas’ul xodimlari, shahar va tumanlar ichki ishlar bo’limlari boshliqlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha o’rinbosarlari ishtirokidagi yig’ilishni viloyat IIB boshlig’i o’rinbosari, podpolkovnik Hamidullo Abdullayev boshqarib bordi.
So’zga chiqqan ma’ruzachilar xodimlarning ma’naviiy dunyosini boyitish, intellektual salohiyatini oshirish borasidagi ishlar haqida ma’lum berishdi. Bundan tashqari, xodimlarni o’qitish, bilim saviyasi, xizmat, jangovar, jismoniy tayyorgarligini oshirishga qaratilgan ishlar ham tahlil etildi. O’tkazilgan sport tadbirlari, mashg’ulotlar, ushbu tadbirlarda xodimlarning ishtiroki sohaviy xizmatlar kesimida ko’rildi. Xodimlarning axloqiy-ruhiy holatini nazorat qilish, psixologik xizmat sifatini oshirish yuzasidan fikrlar bildirildi.
Yig’ilish davomida 2022 yilning 9 oyi yakuni bo’yicha o’tkazilgan yig’ilishda berilgan topshiriqlar ijrosiga ham diqqat qilindi. Kun tartibidagi har bir masala atroflicha ko’rilib, xato va kamchiliklarni bartaraf etish, xizmat intizomini mustahkamlashga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish bo’yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi. Tahliliy yig’ilish yakunida joriy yilda ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash hamda kasbiy tayyorgarlik yo’nalishida qilinadigan vazifalar belgilandi.