8 Avgust 2022 yil 1017

Jinoyat faolar ishtirokida muhokama qilindi

Sud ijro hujjatiga asosan aliment pulini undirish uchun borgan MIB ijrochisiga tan jarohati yetkazildi. Joriy yilning 5 avgust kuni Baxmal tumanida yuz bergan mazkur jinoyat tuman faollari va yoshlar ishtirokida muhokama qilindi.

Baxmal tumani hokimligida o’tgan yig’ilish Jizzax viloyati IIB va viloyat prokuraturasi tomonidan uyushtirildi. Tadbirda tumandagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, barcha mahalla fuqarolar yig’inlari raislari, hokim yordamchilari, profilaktika inspektorlari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari ishtirok etishdi. Dastlab hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, obod qilish barobarida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlar xususida so’z bordi. SHuningdek, joriy yilning o’tgan yetti oyi davomida sodir etilgan qonunbuzilishlar mahallalar kesimida tahlil etildi va 5 avgust kuni yuz bergan jinoyat tafsilotlari bayon etildi.

Ta’kidlanishicha, Bosh prokuratura huzuridagi MIBning tuman bo’limi ijrochisi “Qutlug’obod” mahalla fuqarolar yig’inining “Kaltatoy” qishlog’ida yashovchi fuqarodan shu qishloqda istiqomat qiluvchi sobiq turmush o’rtog’ining bir nafar voyaga yetmagan farzandi foydasiga 15 million so’m aliment pullarini undirish to’g’risidagi fuqarolik ishlari bo’yicha G’allaorol tuman sudi ijro hujjatiga asosan 2 nafar hamkasblari bilan borgan. Xonadon sohibi mast holatda aliment pullarini bermaslik maqsadida janjal ko’tarib, qo’lida bo’lgan oshxona pichog’i bilan xizmat vazifasini bajarayotgan majburiy ijro byurosi xodimining tanasiga bir necha marotaba urib, jarohat yetkazgan. Oqibatda jabrlanuvchi “qorin bo’shlig’ining chap va pastki qismi, ko’krak qafasining chap biqin sohasi hamda chap yelka sohalariga sanchilib kirgan jarohati” tashxisi bilan tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch bo’limiga yotqizilgan. Ko’rsatilgan tibbiy muolajalar natijasida uning hayoti saqlab qolingan.

Muhokamada mazkur jinoyatning sabab va omillari tahlil qilindi, oqibatlari tushuntirildi. Mahalla faollari va nuroniylar holat yuzasidan fikrlarini bildirib, shu kabi mudhish holat takrorlanmasligi, qonunbuzilishlarga qarshi barcha birdek kurashishlari lozimligini ta’kidlashdi.

SHuningdek, bu kabi mudhish holatlarning oldini olish hamda jamoat xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarlikni jilovlash bo’yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Text to speech