13 Avgust 2022 yil 899

Jinoyat jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi

Jizzax shahar Oqqo’rg’onlik mahallasidagi “Bir martalik ish bilan ta’minlash markazi”da o’tgan muhokama Jizzax viloyati IIB va viloyat prokuraturasi tomonidan uyushtirildi. Tadbirda tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahalla faollari, aholi va yoshlar ishtirok etishdi. Yig’ilish avvalida Jizzax shahrida jamoat tartibini saqlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlar xususida so’z bordi. Qayd etilishicha, joriy yilning o’tgan davrida hududda umumiy jinoyatlar kamaygan bo’lsada, ayrim turlari oshgan. Tadbir davomida sodir etilgan qonunbuzilishlar mahallalar kesimida tahlil etilib, yo’l qo’yilgan kamchilik va nuqsonlar ko’rsatib o’tildi. SHuningdek, mahalla hududida yuz bergan jinoyatning ayrim tafsilotlari bayon etildi.

Ta’kidlanishicha, 8 avgust kuni soat 21:30 larda mavsumiy ishchilar, Zarbdor tumani Taraqqiyot mahallasi hamda Forish tumani Bog’don qishloq fuqarolar yig’inida istiqomat qiluvchi 38 va 31 yoshli ikki fuqaro o’zaro gaplashib turgan. Ularning suhbatiga kelib qo’shilgan Samarqand viloyati Bulung’ur tumani Qangli qishlog’ida yashovchi 1966 yilda tug’ilgan fuqaroning ko’ylagi cho’ntagidan zarbdorlik shaxs hazillashib, 50 ming so’m pullarini olib qo’ygan vaqtida janjal kelib chiqqan. Nizo davomida bulung’urlik shaxs sumkasida bo’lgan oshxona pichog’i bilan ushbu ikki fuqaroga tan jarohati yetkazgan. Oqibatda Zarbdor tumanida yashovchi fuqaro ko’rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan, tan jarohati olgan ikkinchi shaxs esa Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialining jonlantirish bo’limiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo’zg’atilib, gumonlanuvchi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Yig’ilishda mazkur jinoyatning sabablari va uning kelib chiqishiga omil bo’lgan shart-sharoitlar tahlil qilindi. Jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida mutasaddi tashkilotlar, jamoatchilik va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan yo’l qo’yilgan kamchiliklar tanqidiy ko’rib chiqildi. YAkunda kelgusida og’ir va o’ta og’ir turdagi jinoyatlarning oldini olish maqsadida “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizim, “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi yuzasidan mas’ullarga aniq ko’rsatmalar berildi.

Text to speech