4 Sentyabr 2025 yil 623

Jizzax viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor G‘.T.Qodirovning viloyat aholisiga murojaati

Aziz yurtdoshlar!

Bir necha kun ilgari elimiz qadr topgan, millat ulug‘langan kun — Mustaqillik bayramini ulkan shodiyonalar bilan nishonladik. Ana shu qutlug‘ ayomda yurtimizning turli hududlarida, xususan, viloyatimizda bir qator ishlab chiqarish korxonalari, ta’lim, sport,  madaniy va maishiy muassasalar foydalanishga topshirildi. Bu o‘zgarishlar zamirida davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoev boshchiligidagi tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, mamlakat taraqqiyoti hamda aholi turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan islohotlar mujassam.

Darhaqiqat, keyingi yillarda siyosiy va iqtisodiy jabhalarda, shuningdek, inson huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildiki, mazkur jihat jahon hamjamiyatida yurtimizning rivojlanish yo‘lidagi eng xavfsiz mamlakatlar qatorida e’tirof etilishiga sabab bo‘layotir. Ammo respublikamizda, xususan, viloyatimizda ayrim turdagi jinoyatlar ortishi barchamizni qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan faoliyatimizni kuchaytirishga undamoqda.  

Shu o‘rinda ta’kidlash kerak, kriminogen vaziyatning murakkablashuviga aholida huquqiy va moliyaviy bilimlarning yetishmasligi, mol-mulkni asrash borasidagi kamchiliklar, jamoatchilik nazoratining sustligi, yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik kabi omillar sabab bo‘layotir. Yil boshidan to bugunga qadar viloyatda 1 ming 364 ta kiberjinoyat qayd etilgani yuqoridagi fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.

Zero ushbu qonunbuzarliklarning 778 tasi moliyaviy va shaxsiy ma’lmuotlarni ochiqlash, 536 tasi firibgarlarning aldovlariga uchish oqibatida ro‘y bergan. Jumladan, ayni nuqsonlar bois Forish tumanining “Osmonsoy” mahallasida istiqomat qiluvchi shaxsning bank plastik kartasidan 10 million so‘m, Zomin tumanining “Xalqobod” mahallasida yashovchi fuqaroning bank plastik kartasidan 7 million so‘m yechib olingan.

Aniqki, bu kabi holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tezkor qidiruv tadbirlari amalga oshiriladi. Ammo turli shubhali fayllar ochilmaganida, moliyaviy ma’lumotlar sir saqlanganida hech kim jabrlanmasdi. Ayrim firibgarlar esa arzon mahsulot taklif qilish yo‘li bilan fuqarolarni chuv tushiryaptilar.

Chunonchi, Zomin tumanining “Paxtakor” mahallasida istiqomat qiluvchi ayol telegram kanalda namoyish qilingan kiyimni sotib olish uchun o‘zi yaxshi tanimaydigan shaxsning bank plastik kartasiga 275 ming so‘m o‘tkazib berib, na pulini, na kiyimni ololdi. Fuqaroning murojaati asosida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jinoyat Toshkent shahri Yunusobod tumani “Husniobod” mahallasida yashovchi 24 yoshli qiz tomonidan sodir etilgani aniqlandi. Surishtiruvlar davomida gumon qilinuvchidan anchagina odam jabrlangani ayon bo‘ldi.

Demoqchi bo‘lganimiz, soddalik, ortiqcha ishonuvchanlik fazilat emas. Buni unutganlar firibgarlarning o‘ljasiga aylanishadi. Misol uchun, Jizzax shahrining “Madaniyat” mahallasida yashovchi shaxs kirakash orqali poytaxtdagi tanishiga 2 ming AQSh dollari berib yuborgan. Anglaganingizdek, hozirda jabrlanuvchining arizasi asosida kirakashdan pulni undirish choralari ko‘rilyapti.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda kiberjinoyat va firibgarliklardan himoyalanish bo‘yicha to‘xtovsiz tushuntirish va tavsiyalar berib borilayotganiga qaramasdan mazkur turdagi jinoyatlardan aziyat chekayotganlar soni kamaymayotgani achinarlidir. Shu ma’noda barchani o‘zgalar xatosidan xulosa chiqarishga, ya’ni, kiberxavfsizlik qoidalariga amal qilishga, noqonuniy tarzda notanish kimsalar bilan moliyaviy munosabatlarga kirishmaslikka undab qolamiz.

Yana tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, xalqimiz asrlar davomida faxrlanadigan oqibat, kengfe’llik, o‘zgalar dardini his etish va ko‘mak berish bilan bog‘liq bilan qadriyatlar bugun ayrim kimsalarni tark etayotir. Binobarin, Sharof Rashidov tumanining Toqchilik mahallasida yashovchi 45 yoshli shaxs o‘zidan 3 yosh kichik erkakni “Nega men o‘radigan o‘tni o‘ryapsan?”, deya urib, tan jarohatlari yetkazgan.

Zarbdor tumanining “Toshkesgan” mahallasida istiqomat qiluvchi 59 yoshli fuqaroni esa 43 yoshli erkak “Nega meni choy ichishga chaqirmading”, degan vaj bilan do‘pposlagan. Yana bir misol: Sharof Rashidov tumanining “Sug‘diyona” mahallasida istiqomat qiluvchi 54 yoshli haydovchini 52 yoshli  mahalladoshi “Yo‘lda nega avtoulovimni qisib yubording”, deya urgan.

Tabiiyki, gumon qilinuvchilarga nisbatan javobgarlik choralari belgilanadi. Ammo kimdir o‘zini bosganida, kechirganida bu ko‘ngilsizliklar bo‘lmasdi. Kezi kelganda aytish kerak, joriy yilning o‘tgan davrida 14 holatda og‘ir tan jarohati yetkazish, 53 holat yengil tan jarohati yetkazish, 12 holatda oilaviy zo‘ravonlik qayd etilgan.  

Xuddi shunday, viloyatda yo‘l-ulov hodisalari kamaymayapti. Jumladan, o‘tgan 8 oy davomida yuz bergan 113 ta yo‘l-transport hodisalarida haydovchi, piyoda va yo‘lovchilar turli darajada tan jarohatlari olgan. 77 ta yo‘l-ulov hodisasi o‘lim bilan nihoyalangan.

Xususan, Sharof Rashidov tumanining “Tuyoqli” mahallasi hududidan o‘tgan Toshkent – Termiz M-39 yo‘lining 989- kilometrida mazkur tumanning “Yoshlik” mahallasida yashovchi 25 yoshli yigitni noma’lum transport vositasi urib ketgan va jabrlanuvchi vafot etdi. Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida voqea joyidan qochgan gumon qilinuvchi Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani Choydara qishlog‘ida yashovchi shaxs ekanligi aniqlandi.

Yana bir misol: “Jizzax-Forish” D-048 yo‘lining 22- kilometrida  “SHASMAN” yuk mashinasi asosiy yo‘lga chiqayotgan “Damas”ning orqasidan urgan. Oqibatda “Damas”dagi yo‘lovchining bel umurtqasi singan. Afsuski, yo‘l-ulov hodisalari natijasida tan jarohati olganlar va vafot etganlarning anchaginasi bolalardir. O‘z navbatida, barcha yurtdoshlarimizdan yo‘l qoidalariga amal qilishni, ayni yo‘nalishdagi madaniyatni farzandlaringizda shakllantirishni, bolalarni nazoratsiz qoldirmaslikni so‘raymiz.   

Shuningdek, qonunlarga qat’iy itoatda bo‘lishni tavsiya qilaman. Toki kimlardir jabrlanuvchiga, qurbonga yoxud jinoyatchiga aylanib qolmasin. Bolalarga esa “Jinoyatchining farzandi”, degan tamg‘a bosilmasin.

E’tiboringiz uchun rahmat! 

 

Text to speech