Jizzax shahar ichki ishlar organlari xodimlari “davomat” tadbirlari o’tkazdi
O’quvchining kichik bir sabab bilan bir marotaba darsga bormasligi keyinchalik bilim olishiga o’z ta’sirini o’tkazishi shubhasiz. Bilim olishni xohlamagan bola tengdoshlaridan ham ortda qola boshlaydi. Bu vaqtda oila bilan ta’lim muassasasi hamkorligi muhim o’rin tutadi. Aks holda voyaga yetmagan shaxs tomonidan hattoki huquqbuzarlik sodir etilishi ham hech gap emas. SHu kabi qonunbuzilishlarning oldini olish maqsadida Jizzax shahar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o’rta umumta’lim maktablarida “davomat” tadbirlari o’tkazilmoqda. Xususan, Jizzax shahridagi 6- sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida olib borilgan o’rganishlarda yuqori sinflarda 2, 3 nafardan, 19- o’rta umumta’lim maktabida ham 1 va 2 nafardan o’quvchilar darsda sababsiz qatnashmaganligi ma’lum bo’ldi.
SHuningdek, Jizzax shahrining 20-, 27-, 16- va 12- sonli o’rta umumuta’lim maktablarida ham davomat tadbirlari davom ettirildi. 20- o’rta umumta’lim maktabida yuqoridagi kabi 1 va 2 nafardan, 27- o’rta umumta’lim maktabining birgina 11B-sinfda esa 25 nafar o’quvchidan 13 nafari, 12- sonli o’rta umumta’lim maktabining 10A-sinfda 33 o’quvchidan 13 nafari dars mashg’ulotlarida qatnashmayotgani oydinlashdi.
Bundan tashqari, Jizzax shahar ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo’limi voyaga yetmaganlar masalalari bo’yicha inspektor psixologlari umumiy ovqatlanish joylari, savdo markazlari, bog’ va xiyobonlar hamda ko’ngilochar maskanlarida ham o’rganish ishlarini olib borishdi. Tadbir davomida maqsadsiz va ota-onalar qarovisiz yurgan, shuningdek tilanchilik bilan shug’ullanayotgan voyaga yetmaganlar ichki ishlar bo’limlariga olib kelinib tushuntirish ishlari olib borildi.
Voyaga yetmaganlar o’rtasida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan profilaktika ishlar davom etmoqda.