Jizzax shahrida profilaktik tadbirlar o’tkazilmoqda
Joriy yilning 26 yanvar’ sanasida Jizzax viloyati ichki ishlar, Milliy gvardiya hamda favqulodda vaziyatlar boshqarmalari tomonidan “Jizzax viloyati hududida jinoyatchilikni jilovlash borasidagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish to’g’risida”gi qo’shma qaror imzolandi. SHu asosda, Jizzax shahrida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida “Xavfsiz hudud” maxsus-tezkor profilaktik tadbirlari o’tkazilmoqda.
Xizmat oldi yo’riqnomada ishchi guruhlarga shahar hududida jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, xuquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izidan” fosh etish vazifasi yuklatildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi va o’zini-o’zi boshqarish organlari xodimlaridan iborat guruhlar tomonidan mahallalarda “Fuqarobay” ishlash tizimi bo’yicha tadbirlar olib borildi. Bunda asosiy e’tibor, har bir fuqaro bilan individual tartibda suhbatlashilib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni o’rganishga qaratildi.
SHuningdek, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va unga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida 22 nafar agressiv xulq atvorga ega, 56 nafar spirtli ichimlikka ruju qo’ygan, 70 nafar jinoyat qilishga moyil, 172 nafar profilaktik hisobda turuvchi shaxslar, 11 nafar probatsiya hisobida turuvchi mahkumlar bilan profilaktik suhbatlar olib borildi. Jarayonlarda ushbu fuqarolarga qonunbuzarliklarning oqibatlari tushuntirildi. Mazkur tadbirlardan maqsad ushbu fuqarolarning muammolarini o’rganish va hal etish choralarini ko’rish, ularning bandligi ta’minlash orqali to’g’ri yo’lga boshlashga qaratilgan.
29 ta nizoli oilalar, 8 nafar o’zaro kelishmovchiligi mavjud fuqarolar bilan muloqotlar qilinib, ularni yarashtirish choralari ko’rildi. Uyma-uy yurib o’rganishlar davomida aniqlangan ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik va huquqiy muammolar ijobiy hal qilindi.
SHuningdek, ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo’yicha inspektor psixologlari tomonidan ta’lim muassasalarida “davomat” va “tig’” tadbirlari o’tkazildi. O’quvchilar bilan muloqotlar davomida voyaga yetmaganlar o’rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlar oldini olishga oid huquqiy tushunchalar berildi.
Sir emaski, so’nggi vaqtlarda bank plastik kartasidan pul yechib olish bilan bog’liq qonunbuzarliklar soni ortmoqda. SHu turdagi jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida jamoat joylarida targ’ibotlar qilindi. Qonunbuzarliklarning sabab va omillariga e’tibor qaratildi.
Jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olishga yo’naltirilgan reyd tadbirlari davom etmoqda.