Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirovning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tabrigi
Jizzax viloyati ichki ishlar organlari tarkibiy tuzilmalar va hududiy bo’linmalarida xizmat qilayotgan aziz opa-singillarimizni, faxriy ayollarimizni go’zallik va nafosat bayrami 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Muhtaram Prezidentimiz SHavkat Miromonovich Mirziyoyev “Biz xalqimiz roziligini avvalo, siz, muhtarama opa-singillarimizning roziligi deb tushunamiz. Sizlarning sog’-salomat, baxtli bo’lib yashashingizni amalga oshirayotgan barcha-barcha islohotlarimizning asosiy maqsadi va mezoni deb bilamiz”, deya alohida ta’kidlaganlar.
Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli demokratik islohotlar natijasida ayollarning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy jarayonlaridagi ishtiroki tobora kuchayib bormoqda.
Qaysiki sohani olmaylik, albatta, u yerda ayollarning mehnat qilayotganligiga guvoh bo’lamiz. Jumladan, xotin-qizlarimiz ichki ishlar organlarida erkaklar bilan bir safda, bir maqsad yo’lida sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilishayapti.
Olib borilayotgan islohotlar jarayonida xotin-qizlarga alohida e’tibor qaratilishi natijasida shaxsiy tarkibda ayollar ulushi sezilarli darajada ortib bormoqda. Ularning aksariyati turli rahbarlik lavozimlarida xizmat qilayotgani e’tiborga molikdir. Asosiysi, xotin-qizlar o’z vazifalarini yuksak mas’uliyat va vatanparvarlik bilan uddalamoqdalar. SHu ma’noda, biz ular bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Ta’kidlash joizki, ichki ishlar organlaridagi faol ayollarning xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib qadrlanib, yuksak unvon hamda davlat mukofotlari bilan taqdirlanayapti. Bu hammamiz uchun quvonarlidir. O’z navbatida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibdagi xotin-qizlar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratish va rag’batlantirish choralarini ko’rmoqda.
Muhtarama ayollar, aziz opa-singillar, fursatdan foydalanib, barchangizni ushbu ayyom bilan yana bir bor tabriklayman. Sizlarga uzoq umr, sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilab, bahoriy go’zallik va tabassum doimo hamrohingiz bo’lishini niyat qilaman.