31 Avgust 2021 yil 600

Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i general-mayor G’.T. Qodirovning O’zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi

Hurmatli hamkasblar!

Bugun xalqimizning eng qutlug’ ayyomi – mamlakatimizda Davlat Mustaqilligining 30 yillik bayrami bilan sizlarni – Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi, sohaviy xizmatlar hamda hududiy ichki ishlar bo’limlari shaxsiy tarkibini, shuningdek xizmat burchini bajarish chog’ida halok bo’lgan xodimlarning oila a’zolari hamda soha faxriylarini chin dildan samimiy muborakbod etaman.

Mustaqillik tuyg’usi elimizni yanada jipslashtirib, har qanday qiyinchiliklarni mardonavor yengib, ulkan yutuqlarni qo’lga kiritishda barchamizga cheksiz ruhiy qudrat manbai vazifasini o’tamoqda, desak xato bo’lmaydi. O’tgan davrda jonajon O’zbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o’rin egalladi hamda ulkan taraqqiyot yo’lini bosib o’tmoqda.

So’nggi yillarda Prezidentimiz boshchiligida vatan va xalq manfaatlari yo’lida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar natijasida yurtdoshlarimiz bir xalq sifatida birlashdi. Bu borada ichki ishlar tizimida xizmat qilayotgan vatanparvar, fidoyi, jasoratli va mard xodimlarning alohida o’rni borligi barchamizni haqli ravishda g’ururlantiradi.

O’z navbatida ularning mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, erkin va obod hayotimizni asrab-avaylash yo’lida olib borayotgan fidokorona xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib baholanmoqda. CHunonchi, Prezidentimizning 2021 yil 26 avgustdagi “O’zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining o’ttiz yilligi munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to’g’risida”gi farmoni asosida Jizzax viloyatida ichki ishlar organlarida faoliyat ko’rsatayotgan 4 nafar xodim, shuningdek 1 nafar marhum xodim davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

O’z burchiga, vataniga sadoqatli, jamiyat va davlat manfaatlari yo’lida sidqidildan xizmat qilib kelayotgan siz fidoyi insonlarni vatanimiz, el-yurtimiz va xalqimiz doimo yuksak qadrlaydi.

YAna bir bor barchangizni eng aziz bayramimiz Davlat Mustaqilligi ayyomi bilan tabriklab, sizlarga sihat-salomatlik, baxt-saodat, uzoq umr, oilaviy totuvlik, dasturxoningizga to’kinlik, qut-baraka tilayman.

Mas’uliyatli va sharafli xizmatlaringizda ulkan zafarlar yor bo’lsin.

Text to speech