21 Mart 2023 yil 291

Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirovning Navro’z umumxalq bayrami munosabati bilan viloyat ahli hamda ichki ishlar organlari xodimlariga tabrigi

Aziz jizzaxliklar, el osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish yo’lida fidoyilik ko’rsatayotgan qadrli hamkasblar, har ishda yoshlarga tayanch bo’layotgan soha faxriylari!

Borliq uyg’onayotgan ushbu qutlug’ onlarda barchangizni sharqona yangi yil — Navro’z bilan chin dildan qutlayman. Har bir kunimiz ko’klam yanglig’ yasharish, yangilanishga uyg’un bo’lsin, yurtimiz dunyo turguncha tursin, bu tuproqni tinchlik va erk hech qachon tark etmasin. Xonadonlarimizdan fayz-baraka, xotirjamlik, quvonch, mehr va oqibat arimasin!

Xalqimiz asrlar davomida qalbi to’rida ezgu qadriyat sifatida ardoqlab kelayotgan uyg’onish timsoli bo’lgan Navro’zni ulkan tantanalar va shodu xurramlik bilan qarshilaydi. Jumladan, bugun ham ona yurtimiz tabiatdagi o’zgarishlar sabab ko’rkam qiyofa kasb etmoqda, o’z navbatida yurtdoshlarimiz yuragini yangilanish fasliga xos iliq hislar to’ldirgan.

Qolaversa, bugun barchamiz mamlakatimiz taraqqiyot va yuksalish sari dadil intilayotganligiga guvoh bo’lib turibmiz. Aksariyatimiz ana shu evrilishlarning bir bo’lagiga aylanganmiz. SHu ma’noda Vatanimizning gullab-yashnashiga, xalq hayotining farovon bo’lishiga hamda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga hissa qo’shayotgan barcha yurtdoshlarimizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!

Aziz do’stlar, aka-ukalar, opa-singillar, qadrli hamkasblar, Navro’zingiz muborak, ushbu qutlug’ ayyom ona O’zbekistonimizga, har biringiz va oilangizga faqat yaxshiliklar keltirsin!  

  

 

 

Text to speech