24 Dekabr 2022 yil 496

Jizzax viloyati IIB boshlig’i SHarof Rashidov va G’allaorol tumanlarida aholi muammolarini o’rgandi

Joriy yilda Sharof Rashidov tumani Kattaqishloq mahalla fuqarolar yig’ini binosi bunyod etildi. YAqindagina foydalanishga topshirilgan mazkur binoda faollar va fuqarolar uchun barcha sharoitlar yaratilib, zarur jihozlar bilan ta’minlangan. 3- sektor rahbari kattaqishloqliklar bilan uchrashuvi avvalida ushbu qulayliklarni ko’zdan kechirdi.

Fuqarolar bilan muloqotda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida olib borilayotgan islohotlar tilga olindi. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va xalqqa qilgan navbatdagi Murojaatnomasida tugayotgan yildagi asosiy ko’rsatkichlar bilan birga yangi yilga mo’ljallangan maqsad va vazifalar qayd etilgani tushuntirildi. Mahalla faollari va nuroniylari hududni obod qilish, yo’l ta’miri, elektr va tabiiygaz ta’minoti bilan bog’liq masalalari hal etilganidan mamnunligini bildirishdi.

Ta’kidlanishicha, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida olib borilgan tadbirlar natijasida mahalla qizildan sariq toifaga o’zgartirildi. Bundan tashqari, yil davomida yer ajratilishi, subsidiya asosida tikuv moshinasi kabi jihozlar olib berilishi bilan 190 ga yaqin ishsiz aholining bandligi ta’minlanishiga erishildi. 60 kishi esa kredit mablag’i evaziga hunarmandchilik, tikuvchilik singari yo’nalishlarda tadbirkorlik faoliyatlarini yo’lga qo’ydi.

Viloyat IIB boshlig’ining G’allaorol tumani Samarqand mahallasida o’tkazgan uchrashuvida ham hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida bajarilgan ishlar bilan birga kelgusida qilinishi zarur bo’lgan masalalarga ham diqqat qilindi. Tadbirda fuqarolar o’zlarini qiynayotgan muammolarini hal etishda ko’mak so’rashdi. Xususan, ichimlik suvi, ta’mirdan chiqarilayotgan sog’liqni saqlash muassasasini tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, yo’l harakatini tartibga soluvchi belgilarni o’rnatish kabi murojaatlar mas’ullar ishtirokida muhokama qilinib, mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilda tumanning 3- sektor hududidagi mahallalarda ko’chalarga shag’al va asfal’t yotqizish, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmog’ini yangilash va ta’mirlash, aholiga qulay sharoit yaratish borasida bir muncha ishlar amalga oshirildi. Uchrashuvda yangi 2023 yilda tuman iqtisodiyotini yanada yuksaltirish, quriladigan yangi korxonalar, yaratiladigan bo’sh ish o’rinlari, tadbirkorlikni rivojlantirish bo’yicha ko’rilayotgan rejalar ham ma’lum qilindi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech