15 Mart 2021 yil 950

Jizzaxda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi

Tadbir avvalida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari polkovnik Olimjon Abdullayev ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar samaradorligini oshirish yo’lidagi ishlar xususida to’xtaldi.

SHundan so’ng Jizzax davlat pedagogika instituti o’zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Usmonjon Qosimov “Abdulla Oripov – millat shoiri” mavzusida ma’ruza qildi. Ta’kidlandiki, O’zbekiston Qahramoni, O’zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov o’zbek adabiyotini yangi bosqichga ko’targan noyob iste’dod sohibi. Uning yuksak badiiy, teran falsafiy she’rlari xalqimiz ko’nglidan joy olgan. Dramatik va publitsistik asarlari, doston va tarjimalari adabiyotimiz rivojiga juda katta hissa bo’lib qo’shilgan.

SHuningdek, tadbirda O’zbekiston YOzuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo’limi rahbari, YOzuvchilar uyushmasi a’zosi Mehriniso Abdurahmonova Abdulla Oripovning hayoti va ijod yo’li xususida so’z yuritdi. Buyuk ijodkor asarlarida ona Vatan ulug’lanishi barobarida dovyurak va tanti, munis va mushfiq, insofli va diyonatli xalqimizning halol, pok, samimiy qalbi namoyon etilgani aytildi. Abdulla Oripovning Vatanimiz, xalqimizga nafaqat badiiy asarlari bilan, o’z navbatida ijtimoiy faol shaxs sifatida qilgan xizmatlari ham e’tirof etildi.

Tadbir davomida O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyi o’quvchilari tomonidan shoir she’rlaridan o’qildi.

Tadbir so’ngida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi tashkiliy boshqarma boshlig’ining o’rinbosari, podpolkovnik Vohidjon Allanazarov qonunchilikdagi yangiliklar xususida ma’lumot berdi.

Text to speech