9 Fevral 2021 yil 984

Jizzaxda navbatdagi matbuot anjumani o’tkazildi

2021 yilning 9 fevralida Jizzax shahar davlat xizmatlari markazining majlislar zalida Jizzax viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi va uning quyi tizimlarining 2020 yildagi faoliyati hamda joriy yil rejalariga bag’ishlangan matbuot anjumani bo’lib o’tdi. Jizzax viloyatidagi ommaviy axborot vositalari vakillari, axborot xizmatlari mas’ullari va blogerlar ishtirokida uyushtirilgan matbuot anjumani avvalida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig’i Ulug’bek Adilov so’zga chiqib, viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlarining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi to’g’risida ma’lumot berdi.  

SHundan so’ng Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari, podpolkovnik Mansur Sattorov Jizzax viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi va uning quyi tizimlarining 2020 yildagi faoliyati hamda joriy yilda sohada amalga oshirilishi ko’zda tutilayotgan tadbirlar haqida so’z yuritdi. Ta’kidlash kerak, 2019 yil bilan qiyoslaganda Jizzax viloyatida umumiy jinoyatchilik 3,3 foizga, jinoyat qidiruv yo’nalishidagi jinoyatlar 5,6 foizga qisqargan.

Tabiiyki, mazkur ko’rsatkichlarda viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi va uning quyi bo’linmalari shaxsiy tarkibining o’ziga xos hissasi bor. Ma’lumot o’rnida aytish kerak, 2020 yilning 12 oyi davomida soha vakillari tomonidan viloyatda 1 ming 192 ta jinoyat ishi bo’yicha tergov harakatlari olib borilgan. SHulardan 923 tasi tamomlangan. SHuningdek, 688 tasi jinoyat ishlari ayblov xulosasi va dalolatnomasi asosida, 65 tasi esa yarashtiruv  bilan tegishli sud organlariga yuborilgan.Jinoyat ishlari bo’yicha olib borilgan tergov harakatlari davomida fuqarolar manfaatlariga 26 milliard 38 million so’m zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu zararning 19 milliard 201 ming so’mini undirishga erishildi. Hisobot davrida soha vakillari tomonidan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish maqsadida 688 ta targ’ibot tadbirlari o’tkazilgan.

Qonun ustuvorligi hamda inson huquq va erkinliklarini samarali ta’minlash maqsadida viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi va uning quyi bo’linmalaridagi tergov va protsessual harakatlar o’tkaziladigan 50 ta xizmat xonasi video va audioyozish qurilmalari bilan jihozlandi. Qolaversa, viloyatdagi 27 ta ichki ishlar organlaridagi ma’muriy binolarning barchasida so’rovxonalari tashkil qilingan bo’lib, ushbu xonalarga ham videokuzatuv va audioyozish uskunalari o’rnatildi. Yа’ni, ichki ishlar organlari binosiga keltirilgan shaxslar bilan mana shu xonalarda suhbat o’tkaziladi.

Kelgusida tergov amaliyotida axborot texnologiyalardan yanada kengroq foydalanish ko’zda tutilmoqda. Binobarin, tergov organlariga elektron murojaat qilish, murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatish, taraflarga ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish imkoniyati yaratiladi. Bu tadbir kelib tushayotgan murojaatlarni qisqa fursatlarda tekshirish va fuqarolarni ortiqcha ovoragarchiliklardan himoyalash uchun xizmat qiladi.

Tadbir yakunida anjuman ishtirokchilari Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi mas’ullaridan o’zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Text to speech