17 Noyabr 2022 yil 514

Jizzaxda o’tkazilayotgan ko’pkurash musobaqasida kinologlar bellashmoqda

Ayni kunlarda Jizzax viloyatida ichki ishlar organlari kinologiya bo’linmalari xodimlarining an’anaviy ko’pkurash musobaqasi bo’lib o’tmoqda. Qoraqalpog’iston Respublikasi IIV, Toshkent shahri va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari hamda IIV qorovul qo’shinlari kinologiya bo’linmalari xodimlari ishtirokida uyushtirilgan musobaqaning ochilish marosimida Jizzax viloyati IIB boshlig’i, general-mayor G’ayrat Qodirov hamda IIV jamoat xavfsizligi departamentining jamoat tartibini saqlash xizmati boshlig’i, podpolkovnik SHerzod Ibragimov so’zga chiqdi.

Notiqlar mamlakatimiz ichki ishlar organlari tizimida kechayotgan islohotlar, soha vakillarining samarali faoliyat ko’rsatishlari uchun yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlar, shuningdek kinologlarning jinoyatchilikka qarshi qaratilgan sa’y-harakatlari to’g’risida so’z yuritdilar. Xususan, joriy yilning o’tgan davrida soha xodimlari xizmat itlari yordamida 2400 dan ortiq jinoyatni fosh etishgan va bu jarayonda 84 kilogramm narkotik moddalar olingan.

Tadbir doirasida musobaqa qatnashchilari, Jizzax viloyati IIB JXX JTSB patrul’-post xizmati, tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi, Milliy gvardiya xodimlari hamda mazkur tizim vakillari ixtiyoridagi transport vositalarining paradi tashkil etildi. So’ng Jizzax viloyati IIB tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi xodimlari qo’l jangi hamda avtomatik qurollar, to’pponcha, pichoq va boshqa maxsus vositalardan foydalanishga oid mahoratlarini namoyish etdilar.  

Ma’lumot o’rnida aytish joiz, musobaqada har birining tarkibida 3 nafar kinolog va 3 ta xizmat itidan tarkib topgan 15 ta jamoa ishtirok etmoqda. Bahslarda xizmat itlarining buyruqlarga bo’ysunish, iz qidiruv, to’siqlardan o’tish, giyohvandlik va qurol-yarog’larni topishga oid salohiyati sinovdan o’tkazilayotir. Ertaga biatlon hamda musobaqaning yopilish marosimi bo’lib o’tadi.  

 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.

Text to speech